Tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori OTM rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilanadi


Joriy yil tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori OTM rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilanadi.

Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-oʻquv yili uchun kirish imtihonlari natijalariga koʻra 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qoʻshimcha qabul qilishda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorini rektor (direktor) tomonidan mustaqil belgilash quyidagi tartibda amaliyotga joriy etiladi:

  1. qabul chegaralariga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari (1-ilova 73-band)ga asosan belgilanadi;
  2. qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oliy taʼlim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy toʻlov-kontraktning 3,0 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

Barcha oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan 2025-yil 25-sentyabrga qadar 2025/2026-oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va taʼlim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlanadi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

2025/2026-oʻquv yili qabulida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga bir yillik oʻqitish qiymatining 50 foizini 2025-yilning 31-oktyabrga qadar (shu kuni ham) toʻlashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlari natijasi boʻyicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan biri boʻyicha davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga oʻz xohishlariga koʻra ustuvorligi boʻyicha tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga ruxsat berildi (maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinganlar bundan mustasno).