Ko‘pchilik odamlar ta’lim tizimini tahlil qilar ekan, eng avvalo maktablardagi poraxo‘rlik, majburiy mehnat, majburiy obuna, o‘qituvchilarning o‘quvchilardan pul yig‘ishi, darslarga bee’tiborlik kabi kamchiliklarni ko‘rsatishadi. Ammo, mana necha yildirki, muammolarni qancha gapirmaylik, kurashmaylik, ular bartaraf etilayotgani yo‘q.
Nega?..
Chunki biz muammolarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablarni o‘rganayotganimiz yo‘q. Balki oqibatlarni tahlil qilishga berilib ketganmiz. Ba’zan esa muammoning tagiga yetish uchun chekka bir qishloq maktabining rahbari yoki o‘qituvchisini topib olib, uni yomonlashga tushamiz. Go‘yoki bu muammo boshqa joyda yo‘g‘u, shu maktabdagina paydo bo‘lganday. Agar biror jamoada biron illat paydo bo‘lsa-yu, boshqa joylarda uchramasa, uning sababi shu joydan axtariladi. Ammo shunday illatlar bir nechta shunday jamoada, boshqa hududlardagi o‘xshash sotsial guruhlarda ham kuzatilsa, demak uning sabablari tizimning boshqaruvi va tashkil etilishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Shunday ekan, bu muammolarni keltirib chiqarayotgan sabablarni kompleks tarzda ilmiy o‘rganish, tahlil qilish, xulosalash va bartaraf etish uchun choralar ishlab chiqish kerak bo‘ladi.
Xo‘sh, tizimdagi muammolarning kelib chiqishida eng asosiy sabab bo‘layotgan muammolar nimadan iborat?
Kadrlar muammosi
Tizimdagi kadrlar salohiyatini yaxshilash eng dolzarb vazifadir. Zero, har qanday ijtimoiy faoliyat ravnaqi yoki tanazzuli kadrlarning salohiyati bilan bog‘liqdir.
Shu paytgacha xalq ta’limi tizimida barcha muammolarni keltirib chiqarayotgan kadrlar masalasi tom ma’noda isloh qilingani yo‘q. Aslida barcha sohalardagi eng asosiy muammolarni uquvsiz va bilimsiz kadrlar keltirib chiqarayapti. Kadrlarni esa «mansabsotar» kadrlar bo‘limlari boshliqlari va ularning gumashtasi bo‘lgan haromxo‘r rahbarlari tanlaydi. Bugun bu tizim shunchalar maxfiylashib ketganki, deyarli hamma bo‘g‘inlarning kadrlar bo‘limlarini pismiq, sir boy bermaydigan, olsa ham olmaganday turaveradigan bez mutaxassislar egallagan. Ta’kidlash kerak, bu kabi xodimlar poraxo‘r rahbarlar uchun ayni muddaodir.
Shu o‘rinda tizimning eng yaqin tarixiga nazar solsak. 1991 yilga qadar xalq ta’limi tizimida lavozimlar uchun pora berish juda past darajada bo‘lgan. Aksincha, kadrlarni gazetalarda maxsus e’lonlar berib, turli imtiyozlar va’da qilib ishga taklif etish tizimi mavjud bo‘lgan.
Ammo mustaqillik yillarida tizimning o‘zgarishi va ro‘y bergan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz tufayli yaxshi kadrlar ta’lim tizimini tashlab keta boshladi (bu holat faqat ta’lim tizimida emas, barcha sohalarda kuzatildi). Xodimlarga oylik maoshlarining kechiktirilishi, inflyasiyaning keskin o‘sishi o‘qituvchilarning ijtimoiy ahvolini butunlay yomon ahvolga solib qo‘ydi (shu davrlarni bir esga olsak: Toshkent shahrida maktab direktorlari o‘qituvchilarni ishda saqlab qola olmagani uchun pedagogika sohasida o‘qiyotgan talabalarni ishga taklif qilishar, ularga bepul oylik chiptalar va’da qilishardi. Talabalar esa o‘sha davrda «Vuzgorodok voqeasi» sabab stipendiyalarini o‘z vaqtida oladigan, bepul tushlik bilan ta’minlangan, yagona sotsial guruhga aylangan, qolaversa, qo‘shimcha ish va tajriba orttirish ham ular uchun foydadan xoli emasdi).
Oradan yillar o‘tib budjet sohasida ishlayotgan xodimlar ish haqlarining oshirilishi, ta’lim tizimida olib borilgan islohotlar sababli o‘qituvchilarga muntazam oylik to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Ish haqi miqdori juda kam bo‘lsa-da, budjet tizimidan boshqa sohalarda muntazam ish haqi to‘lanmasligi tufayli ko‘proq ish o‘rniga ega bo‘lgan ta’lim tizimining nufuzi ancha oshdi. Ayrim o‘qituvchilar yana maktabga qayta boshladi. Shu davr o‘qituvchilarni ishga olish uchun pora olishning eng kuchaygan davri bo‘ldi. Bunda eng asosiy omillardan biri tadbirkorlik sohasiga ketib, ancha-muncha oldi-berdi muomalasiga o‘rganib qaytganlarning ta’siri bo‘ldi desak adashmaymiz. Chunki o‘sha davrda «qassob-o‘qituvchi», «fermer-o‘qituvchi», «do‘kondor-o‘qituvchi», «dallol-o‘qituvchi», «tabib-o‘qituvchi», hattoki «folbin-o‘qituvchi»lar ko‘paygan edi. Aynan shular ta’lim tizimining buzilishi va korrupsiyalashuviga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ularning ko‘pchiligi ikki ishni muvofiqlashtirish uchun urinar, ish vaqtida ishni tashlab ketar yoki darslarni ma’lum kunlarga qo‘yib berishni so‘rashar, ba’zilari esa oylikni direktorga berib «menga staj bo‘lsa bo‘ldi, pul kerakmas» deyishar edi.
Yuqoridagi omillar sabab keyingi bosqichda maktab rahbarlarining ham nufuzi oshib bordi. Endi maktab direktorligini egallash uchun pora berish boshlandi. Tabiiyki, yana o‘sha toifa, ya’ni oldi-berdini eplaydiganlar direktorlik kursisiga o‘tira boshladi. Ilmli, axloqni ustun qo‘yadigan vijdonli rahbarlar esa boshqa sohaga ketdi yoki oddiy o‘qituvchilikka qayta boshladi. Ayrimlar esa zamonga moslashib olishdi. Bunda bosh-qosh bo‘lgan kadrlar bo‘limlari kalamushlari vakant o‘rinlarga rahbar tayinlashda «xufiya» hujjat tayyorlashga o‘tib olishdi. Ya’ni bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida yoki idoradagi maxsus afishalarda e’lon berish butunlay to‘xtab qoldi.
Xalq ta’limi tizimida rahbar kadrlar inqirozi boshlandi. Ma’lumki, 2005 yilga kelib Vazirlar Mahkamasining «Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 275-qarori qabul qilindi. Ko‘pchilik qaror mazmuni bilan tanishib chiqqach, endi mehnatga haq to‘lash tizimi yaxshilanadi deb o‘ylagan edi. Chunki qarorga tegishli «Umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom»da ma’lum bir demokratik tamoyillar olg‘a surilgan edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Jamg‘armaning «direktor jamg‘armasi» deb atalishi yana direktorlarning nufuzini oshirdi xolos. Vijdonini uyg‘otmadi. Direktor fondidan ustamalar nizomda ko‘rsatilganidek demokratik va xolislik tamoyillari asosida emas (vijdonan ishlaydigan, olimpiada va bilimlar bellashuvlarida yutuqlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar bundan mustasno), direktor bilan ustamani «arra» qilishga rozi bo‘lganlarga berila boshladi.
Savol tug‘iladi: nahotki natija ko‘rsatmagan o‘qituvchiga ustama tayinlash mumkin bo‘lsa? Albatta, direktor hech bir asossiz nobop o‘qituvchiga ustama belgilay olmaydi. Ammo o‘sha natijani qalbakilashtirish mumkin. Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan soxta faxriy yorliqlar, DTS bo‘limlaridan soxta natijalar pulga sotib olinib «arrachi»larga ustama belgilana boshlandi.
Keyingi yillarda o‘qituvchilar orasida bu borada e’tirozlar ko‘payib ketdi. «Nega u ustama oladi, men olmayman?» degan haqli savollar berildi. Ammo islohotlar shunday kechsa, natijalar sotilsa, nima qilish mumkin? Qolaversa, primitiv boshqaruvga asoslangan va uquvsiz kadrlar bilan to‘lgan tizimda adolat o‘rnatish mumkinmi?
Nima qilmoq kerak?
Tizimni yangilash uchun eng avvalo chuqur o‘ylangan va ilmiy asoslangan konsepsiya ishlab chiqish zarur. Agar mendan taklif so‘rashsa, hech ikkilanmay ishni kadrlarni almashtirishdan boshlashni va Ta’limni ilmlilarga olib berish konsepsiyasini taklif qilgan bo‘lar edim.
Hech ko‘rganmisiz yaxshi agronomlarsiz qishloq xo‘jaligi, yaxshi injenerlarsiz sanoat rivojlanganini? Xuddi shunday ta’lim ham olimlar, bilimli o‘qituvchilarsiz rivojlanmaydi.
Bugun o‘qituvchilar orasida savodxonlikni muhokama qilish noyob hodisaga aylangan. O‘qituvchilardan diktant olinganda natijalar shuni ko‘rsatdiki, ayrim fan o‘qituvchilari umuman savodxonlikka ega emas. Oddiy imlo qoidalarini bilmaydi. Tasavvur qiling,hatto ona tili va adabiyot o‘qituvchilari ham diktant yoza olmayapti.
Maktablardagi o‘quv-tarbiya jarayonlari uchun mas’ul o‘rinbosarlarning aksariyati maktab ta’limini tashkil etish me’yorlari haqida tushunchaga ega emas. O‘qituvchilar bilan ishlash, ularning pedagogik faoliyatini boshqarish layoqati yo‘q. Chunki tizimda yangi rahbarlarga ko‘mak berish uchun xolis menejmentlik yordami shakllantirilmagan. Ko‘pchilik o‘rinbosarlar direktor bilan til topisha olgani yoki darsi kamligi uchun shu lavozimni egallagan.
Shunday bo‘lsa-da, hamon maktablarda bilimli, jonkuyar o‘qituvchilar bor. Maktabni, universitetni a’lo baholar bilan bitirgan, axloqan barqaror, bolalikdan o‘qituvchilik kasbini sevib, shu sohani ongli ravishda tanlagan o‘qituvchilar ham juda ko‘p. Respublikamizning hamma maktablarida o‘nlab topiladi. Ammo ular rahbarlikni xohlamaydilar. Balki xohlar, ammo rahbarlari botib turgan korrupsiya botqog‘iga kirgisi kelmaydi. Bilimli o‘qituvchilarning ko‘pchiligi o‘quvchi bilan ishlab natija ko‘rsatishga, harakat qilib ustama olishga intilishadi. Ayrimlari esa maktablardan nomiga staj uchun dars olib, repetitorlik bilan shug‘ullanadi.
Ularni rahbarlikka qo‘yish kerak. Agar tizimdagi islohotlar o‘sha bilimli o‘qituvchilarni rahbarlikka tayinlash bilan boshlansa, tizim o‘zgaradi. Bugungi kunda ularni rahbarlikka olib kelish osonlashdi. Chunki ular yoqtirmaydigan majburiy mehnat, turli noqonuniy yig‘imlarga chek qo‘yildi. O‘qituvchidan faqat sifatli ta’lim so‘ralsa, ular rahbarlikka rozi bo‘lishadi.
Buning uchun aniq, puxta o‘ylangan, tizimli va davomli konsepsiya ishlab chiqish va amalga oshirish zarur bo‘ladi.
O‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini yaxshilash muammosi
Ta’lim tizimini isloh qilishning yana bir dolzarb vazifasi o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatini yaxshilash bilan bog‘liqdir. Kasbiy faoliyatni yaxshilash uchun esa ularning malakasini oshirish zurur. Ammo malaka qanday oshiriladi?
Shu paytgacha kuzatganimiz malaka oshirish institutlari faoliyati amalda talabga javob bermadi. Shu sababli malaka oshirish tizimi oliy ta’lim muassasalari tarkibiga o‘tkazildi. Xo‘sh, nima o‘zgardi?.. Deyarli hech narsa! O‘sha malaka oshirish institutlaridagi pedagogik jamoa yana o‘z o‘rnida qoldi. Yana o‘sha eski tanish qiyofalar darrov til topib olishdi. «Men malaka oshirishga kelmayman, evaziga seni siylayman, sen esa qarashib yuborasan» deb nomlangan eski ssenariyga o‘zgarishlar kiritilmadi. Aksincha, o‘qituvchi faoliyatini baholaydigan qandaydir test-co‘rov tizimi joriy etilib, o‘qituvchilar malaka oshirish o‘rniga xalq ta’limi bo‘limlaridan maqtov yorliqlari va natijalarni sotib olishi ko‘paydi.
Nima qilmoq kerak?
Bu borada ham aniq islohotlar o‘tkazilishi zurur. Chunki sifatli dars bera olmayotgan o‘qituvchi, maktabning o‘quv jarayonini tushunmaydigan direktor, ta’lim tizimining ilmiy soha ekanligini his qila olmaydigan tuman, viloyat xalq ta’limi mutasaddilari, vazirlik idoralari rahbarlari uchun malaka oshirish juda ham kerak.
Buning uchun eng avvalo o‘qituvchilarning AKT bilan ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish zarur. Afsuski, bu borada shu paytgacha deyarli hech bir ish qilinmadi. Mutaxassislar sobiq sovet davridagi yoppasiga savodxonlikni tugatish tamoyilini qo‘llashdi shekilli, AKT savodxonligi bo‘yicha o‘qishlar faqat hisobotlarda yaxshi bo‘ldi. Yolg‘on ma’lumotlarga tayanib xulosalar qilindi. Ammo AKT bilan ishlash, internetdan foydalanish layoqati har bir shaxsning individual qiziqishlari doirasida shakllanishiga e’tibor qaratilmadi.
Endilikda asosiy tayanch kompetensiyalarining ikkitasi: axborotlar bilan ishlash va o‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyalarini shakllantirishga e’tibor berish kerak bo‘ladi.
Unda: mediamanbalardan zarur ma’lumotlarni izlab topa olish, saralash, qayta ishlash, saqlash, ulardan samarali foydalana olish, ularning xavfsizligini ta’minlash, mediamadaniyatga ega bo‘lish layoqatini shakllantirish, o‘qituvchining ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlanishi, kamolotga intilishi, hayot davomida mustaqil o‘qib-o‘rganishi, kognitivlik ko‘nikmalarini va hayotiy tajribani mustaqil ravishda muntazam oshirib borishi, o‘z xatti-harakatini muqobil baholashi va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallashi nazarda tutiladi.
Eng asosiysi esa o‘qituvchilar malakasini oshirishda eskicha uslublardan voz kechish, zamonaviy o‘qituvchi qiyofasini shakllantirish zarur.
Ta’lim tizimida rahbarlar va o‘qituvchilar faoliyatini ochiqlash
Agar shu paytgacha tizimdagi muammolarni yoritmoqchi bo‘lsangiz Xalq ta’limi vazirligining o‘zi qarshi chiqar, rahbarlarda har qanday tanqidiy maqolaga qarshi reaksiya mavjud edi. Ijtimoiy saytlarda e’lon qilingan har qanday tanqidiy maqolaga vazirlikning xurujlari boshlanar edi. O‘tgan yili dars ishlanmalari tanlovidagi ko‘chirmakashliklar haqidagi maqolaning ommaviy saytlardan yo‘qolib qolishi, shaxsan men yozgan «Fan olimpiadalaridagi nohaqliklar»nomli maqolamni «Ufq.uz», «Xabar.uz» saytlaridan olib tashlash uchun qilingan harakatlar bunga misol bo‘ladi.
Balki bu borada faqat xalq ta’limi tizimini ayblash kerak emasdir, chunki yigirma besh yil davomida muammolarni oshkor qilmaslik va yopiq hal qilish amaliyoti hamma sohalarda ham kuzatildi. Ammo nima bo‘lganda ham xalq ta’limi tizimida bu amaliyotning asoratlari ko‘proq iz qoldirdi. Rahbarlarda vijdon oldida hisob berish, eldan uyalish hissi yo‘qolib bordi. Bir rahbar jiddiy aybi uchun ishdan olinsa-da, tez orada yanada yaxshiroq lavozimga tayinlanaverdi. Chunki uning ayblari ommaga oshkor qilinmadi.
Shunday ekan, ommaviy axborot vositalari tomonidan ta’lim tizimi faoliyati keng yoritilishi, rahbarlarning ayblari, nafaqat rahbarlar, balki o‘qituvchilarning ham nojo‘ya qiliqlari, nopedagogik xatti-harakatlari ommaviy tarzda muhokama qilinishi zarur. Shuningdek ochiq darslarni ko‘paytirish, ularga jamoat tashkilotlari vakillarini, jurnalistlarni jalb qilish hamda ular orqali ta’limga jamoatchilikning adolatli, tahliliy munosabatini shakllantirish kerak bo‘ladi.
Buning uchun ta’lim tizimidagi gazeta va jurnallar faoliyatini isloh qilish, agar buning imkoni bo‘lmasa yoki kechiksa ijtimoiy-ommaviy saytlar, blogerlar ko‘magiga tayanish kerak. Nima bo‘lganda ham xalq ta’limi tizimi faoliyati xalq uchun ochiqlanishi zarur.
Xulosa o‘rnida
Ta’lim tizimida muammolar ko‘p. Ammo ularni oshkor aytadiganlar kam. O‘qituvchi o‘zi halim xalq. Muammo chiqarmaslikni yaxshi ko‘radi. Bu fazilatmi? Bilmadim! Majburlab ishlatsa, bir oy ishlab topgan maoshini aldov bilan olib qo‘ysa ham indamaslik halimlikka kirmasa kerak. Fazilat ham emas. Qo‘rqoqlik bu. Qo‘rqoqlik esa illat hisoblanadi. Shunday ekan, o‘qituvchilar ongini ham yangilash zarur bo‘ladi. Bunda:
- mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomalaga ongli kirisha oladigan;
- ijtimoiy vaziyatlarda o‘z huquqlarini talab qila oladigan;
- jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga faol munosabat bildira oladigan;
- o‘zining fuqarolik burchini to‘laqonli anglagan;
- mutelikdan xoli, axloqan barqaror o‘qituvchini tarbiya qilish ayni muddaodir!
Anvar Bo‘ronov
Manba: xabar.uz