Yodingizda bo‘lsa, yangi yildan avval talabalarga bir xil stipendiya to‘lash noqonuniy ekanligi haqida qisqacha yozgandim. Aslida niyatim bu mavzu bo‘yicha videorolik qilish hamda stipendiyaga oid masalalarni batafsil yoritish edi. Ammo bunga bo‘sh vaqtim va texnik imkoniyatim bo‘lmadi. Shuning uchun tinchgina matnli qilib tushuntira qolay dedim.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik «stipendiyani yana avvalgi ko‘rinishga qaytaraylik» deb yozishadi. Huquqshunos sifatida bu fikrlarga qo‘shilmayman. Sababi O‘zbekistonda tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lash hali bekor qilingani yo‘q, u hozir ham o‘z kuchida turibdi.
Bugungi kunda talabalarga stipendiya to‘lash tizimi 2004-yil 10 martda tasdiqlangan hamda Adliya vazirligidan 1339-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Yo‘riqnoma bilan tartibga solinadi. Ushbu Yo‘riqnomaning 3-bandida talabalarga tabaqalangan koeffitsiyentlarni qo‘llash orqali stipendiya to‘lash belgilangan.
Ushbu Yo‘riqnomaga hozircha o‘zgarish kiritilgani yoxud mazkur Yo‘riqnomaning amal qilish muddati to‘xtatib turilgani yo‘q.
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasi hamda «Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalari»ning 120-bandiga binoan, normativ-huquqiy hujjatning yoki uning qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin va bu tegishli idoraviy normativ-huquqiy hujjat bilan amalga oshiriladi.
Hozirgacha yuqoridagi Yo‘riqnomaning amal qilishi to‘xtatib qo‘yilgani yo‘q yoki shunga oid birorta idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmadi (e’lon qilinmadi, ro‘yxatga olinmadi).
Unda sentyabr oyidan barcha talabalarga bir xil 400 ming so‘m stipendiya to‘landiku, bu qanday huquqiy asosga ega edi? Hech qanday!
Shunchaki, Moliya vaziri o‘rinbosari O.Isakov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari S.Buzrukxonovning OTM rektorlariga yo‘llagan qo‘shma xatini ko‘rdik xolos. O‘sha xatda stipendiya to‘lash tartibiga o‘zgarish kiritilayotgani sababli 1 sentyabrdan hammaga 400 ming so‘m stipendiya (va yana boshqa qoidalar asosida) to‘lashni ta’minlash so‘ralgan.
Vaholanki, ushbu xat asosida amalda o‘z kuchida bo‘lib turgan Yo‘riqnomadagi tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lash tartibini inkor qilib, barchaga bir xil stipendiya to‘lash – noqonuniy edi! Vazir o‘rinbosarlarining xati normativ-huquqiy hujjat hisoblanmaydi va amaldagi NHHni to‘xtatib turish, boshqa yangi qoidalar belgilashga ularning haqqi yo‘q.
Xulosa
Qissadan hissa shuki, toki haligacha Hukumatning stipendiyaga oid yangi qarori rasman tasdiqlanmagan ekan, demak OTMlar talabalarga tabaqalashtirilgan stipendiya to‘lashga majbur. Hukumat zudlikda sentyabr oyidan boshlab talabalar bilan qayta hisob-kitob qilishi shart va zarur! Bu qonun talabi, men o‘ylab topgan yangilik emas.
Xushnudbek Xudoyberdiyev,
huquqshunos, bloger, Respublika oliy ta’lim kengashi a’zosi
P.S-1: lekin shaxsan men talabaga o‘qisa, o‘qimasa, darsga kelsa, kelmasa, biror narsani bilsa, bilmasa ham stipendiya to‘lashga mutlaqo qarshiman. Talabalar shunchaki olgan bahosi bo‘yicha emas (u bahoni qanday olgan Xudo biladi), balki ijtimoiy faolligi, ilmiy izlanishlari, fanga bo‘lgan qiziqishi, oilaviy sharoitiga qarab stipendiyalar to‘lanishi tarafdoriman. Hozirgi boqimandalik tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak. Ammo bu narsa qonun doirasida bo‘lsin, amaldagi Yo‘riqnoma haliyam o‘z kuchidami, demak eng avvalo shunga rioya qilinsin. Shuningdek, xorijdagiga o‘xshab nodavlat tashkilotlar, fondlar turli stipendiyalar e’lon qilsa yaxshi bo‘lardi.
P.S-2: bir narsani unutmang, agar talabalar bilan sentyabrdan qayta hisob-kitob qilinsa, 1-kursdagi 100% talabalar hamda yuqori kursdagi semestrni “3" bahoga yopgan 62% talabalar uchun zarar bo‘ladi. Sababi ular aslida 370 ming so‘m stipendiya olishi kerak edi, ammo yangi tizimda ularga aslida qimmatroq — 400 ming so‘m stipendiya to‘landi. Demak, taxminan 200 mingdan ko‘proq talaba 120 ming so‘m (4x30.000) qarz bo‘ladi va qayta hisob-kitob qilinsa, shu pulni qaytarib to‘lashi kerak.