Ta’limni to‘sayotgan to‘y


Agar davlatimiz ta’limni qo‘llab-quvvatlamas ekan, buni odamlarimiz qo‘llashi kerak. Yetar endi to‘y, challari, kelinsalom, 250 kishilik to‘y...

Menimcha, ayni fursati yetdi. Odamlar to‘y deb o‘zini o‘qqa, cho‘qqa urishdan bezor bo‘ldi. To‘y hasrati barchani tinkasini quritdi. Biroz aqlliroq bo‘lib, pulni to‘g‘ri yo‘naltirishni bilishi kerak, ko‘rishi kerak.

Kim o‘qidi to‘ydagi qarzlarni uzish uchun Rossiyaga ketgan er-xotin o‘sha yerda ajrashib ketganini? Qachongacha bunaqa xor bo‘lish mumkin?!!

----

Eng yaxshi investitsiya — bu farzandga berilgan sharoit, o‘qishiga pulni ayamaslik, uning bilimi, dunyo qarashini oshirish.

Odamlar gapirsa, gapiraversin. Menimcha, to‘y deb topilgan pulni bir kunda sochgandan ko‘ra, shuni yillar davomida farzandiga sarflasa, unga sharoit qilib bersa, uning o‘qishini nazorat qilsa, til kurslariga muntazam qatnasa, bu eng yaxshi farzandiga qilgan yordami bo‘ladi. Mayli 50 kishilik osh qilsin, mayli ortiqcha dabdabasiz to‘y qilsin. Ja borsa 1000$ pul sarflasin. Mayli qator mashinalar qo‘ymasin, mayli karnay-surnay aytilmasin, mayli kuyovnavkar sokin o‘tsin, barchasiga chidash kerak.

---

Unga ketgan pulni o‘sha farzandining kamoliga tiksin. Agarda o‘zidan solih, ortidan duo qiluvchi, davom ettiruvchi vorisni ulg‘aytirmasa, bebosh, Rossiyadagi qul, dardi to‘y bo‘lgan zombi qoladi.

To‘y davlatning emas, xalqning muammosi. Ta’lim sifatini oshirish esa, davlatniki. Muammo shundaki, o‘sha ta’limni rivojlangani chegarasida ham o‘qiy olmayapti bu xalq. Umuman kitobga qaragisi yo‘q bu xalqning, go‘yo. Zerikarli atamalar odamni esnatib yuboradi to‘g‘ri. Erinmay o‘qilsa, bir ma’lumot miyaga kiradi degani bu. Tushunish uchun juda vunderkind bo‘lish shart emas.

Ko‘plab bozorchi tanishlarim bor. Kitob haqda gapirsam, yumor-faxr aralash o‘qimaslikni tinch yo‘l deb aytishadi. 4 ta aka-uka bo‘lsa, kichigi o‘qisin, deydi. Go‘yoki, qolganlariga ta’lim muhimmasdek. Hech bo‘lmaganda, bozorga doir kitoblarni o‘qishga qiziqqanlarni ko‘rmadim hisob.

Men doimo bot-bot ta’lim deyman. Hozir boshlansa, 30 yilda meva beradi, InshaAlloh. Men to‘yni ixchamlashtirish uchun odamlarning, qarindoshlarning gap-so‘ziga quloq solmoqchi emasman, sizchi ey aziz bo‘ydoq?

Muhammadamin Toshkandiy

Azon.uz