Surxondaryoda yangi institut tashkil etiladi


Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali tadqiqotchilari bilan muloqot qildi.

– Kecha men ular bilan uchrashdim. Qizlarimiz bilmaydi, tushunmaydi o‘qimaydi, deymiz. Chunki, ularni o‘zimiz o‘qitmaymiz-da. Menga sohani rivojlantirishni ilmiy asoslab tushuntirib, shunday batafsil maʼlumot berishdiki, ularning intilishiga havasim keldi, mehrim oshdi. Ayollarimizning bilimi, malakasi kuchli. Yuzaga chiqarish kerak. Bunday olima ayollarimiz, qizlarimiz oilasiga ham, atrofdagilarga ham foyda keltiradi, o‘zidan ilm nurini sochadi.

Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir o‘rinbosari Sh. G‘aniyev, Surxondaryo viloyati hokimi T. Bobolovga Anorchilik yo‘nalishidagi kafedra mudiri va tahsil olayotgan yosh olimalarni anor yetishtirish tajribasini o‘rganish uchun ilg‘or xorijiy davlatlarga yuborish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Universitet qoshida Agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etilishi maʼlum qilindi.