Surxondaryoda yana bir universitet tashkil qilinadi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Denov universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaror loyihasi joylashtirildi, deb yozmoqda sof.uz.

Qaror loyihasiga muvofiq, Termiz DUning Denov filiali negizida Denov universiteti tashkil etiladi.

Universitet O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

Universitet faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.

Denov universiteti Surxandaryo viloyati Denov tumani A.Niyozov ko‘chasi 20 – uyda joylashgan Denov qurilish va transport kasb-hunar kollejida joylashadi.

Hujjatga asosan, quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • ijtimoiy soha uchun logistika, turizm, agrobiznes, baholash ishi va rieltorlik, charm va mo‘yna buyumlari texnologiyasi va konstruksiyasi, raqamli iqtisodiyot, geodeziya, kartografiya va kadastr, to‘qimachilik, biznes-analitika, dasturlash, biznesni boshqarish va tadbirkorlik, korporativ boshqaruv, kichik biznes, bank ishi, maktabgacha ta’lim, iqtisodiyot sohalari uchun investitsion loyihalarni moliyalashtirish, boshlang‘ich ta’lim, yoshlar bilan ishlashni tashkil etish, yoshlar sotsiologiyasi, amaliy san’at, dizayn hamda ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ehtiyoj yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida malakali kadrlar tayyorlash;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ilmiy vazifalarini hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish;

Universitetga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.