Surxondaryo viloyatida xalqaro universitet ochiladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi PF-6108-son “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, milliy taʼlim-tarbiya tizimini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish, oliy taʼlim tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali davlat va nodavlat taʼlim o‘rtasida raqobat muhitini hosil qilish, hamda oliy malakali kadrlar tayyorlashda xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, o‘quv jarayonini amaliyot va ilmiy tadqiqot bilan uzviyligini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda «International Standart Education» masʼuliyati cheklangan jamiyatining nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Imom At-Termiziy nomidagi Denov xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi bildirilgan. Yaqin kunlarda bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilinishi kutilmoqda.

Har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (Universitet granti asosida) 10 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlarni o‘qishga qabul qilinadi.

Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud taʼlim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Universitetda taʼlim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi Universitet faoliyatini tashkil etish maqsadida Denov shahri, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan 2-son Denov kasb-hunar taʼlim muassasasi bino va inshootlarining bir qismini tegishli hududi bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida operativ boshqaruv huquqi bilan muassis balansiga o‘tkaziladi.

Universitet o‘ziga ajratilgan yer maydonida faoliyati uchun zarur bo‘lgan bino va inshootlarni qurib foydalanishga qabul qilguniga qadar joylashgan 2-son Denov kasb-hunar taʼlim muassasasining bino va inshootlarda o‘quv jarayonini davom ettiradi.