So‘nggi uch yilda OTMga o‘qishga kirish imkonini beruvchi imtiyozlar sun'iy ravishda ko‘paytirib yuborilgan – Bosh prokuratura


2018 yilda 421, 2019 yilda 1213 va 2020 yilda 2367 kishi sportdagi yutuqlari uchun imtiyozli ravishda oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Bosh prokuratura axborot xizmatining qilishicha, uch yil ichida imtiyozdan foydalanib talaba bo‘lganlar salmog‘i 5 baravarga ortgan.

Bosh prokuratura olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha belgilangan sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlariga oliy ta'lim muassasalariga kirish imtiyozining berilishi ahvolini o‘rgangan. O‘rganish natijalari haqida bugun Turizm va sport vazirligida o‘tgan yig‘ilishda ma'lumot berilgan.

Yig‘ilishda yosh sportchilarni rag‘batlantirish maqsadida musobaqalar g‘oliblarini davlat oliy ta'lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilish tizimi joriy etilgani, o‘tgan uch yilda 4 ming nafar abituriyent bu imkoniyatdan foydalangani ta'kidlangan. Biroq prokuratura organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishda musobaqalarni o‘tkazish, iqtidorli sportchilarni tanlab olish va ularga imtiyoz berish tizimida jiddiy muammolar borligi aniqlangan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning ma'lum qilishicha, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlariga iqtidorli sportchilarni tayyorlash maqsadida yosh sportchilarga imtiyoz berish yo‘lga qo‘yilganiga qaramay, ko‘p hollarda imtiyozlar “ayrim yoshlar" uchun o‘qishga kirish vositasiga aylanib qolgan. Shu sababli imtiyozlar sonini sun'iy oshirish maqsadida oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirish huquqini beruvchi sport musobaqalarining soni ham ko‘paytirib yuborilgan.

“Davlat oliy ta'lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilish huquqini beruvchi olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha 2018 yilda 206 ta musobaqa o‘tkazilgan. Biroq 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich nima uchundir 296 tagacha oshirilgan.

Sport musobaqalari taqvim-rejasiga ko‘ra 2018–2021 yillarda basketbol, voleybol va chim ustida hokkey bo‘yicha respublika miqyosida 146 ta musobaqa o‘tkazilishi kerak bo‘lsa-da, amalda ikki barobar ko‘p, ya'ni 273 ta chempionat tashkil etilgan. Natijada mazkur sport turlari bo‘yicha imtiyoz asosida o‘qishga tavsiya etilganlar soni ham yilma-yil ko‘payib borgan.

Tabiiyki, bu vaziyatda g‘olib va sovrindorlar soni ortib, OTMga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlar soni ham ko‘paygan. 2018 yilda 421, 2019 yilda 1213 va 2020 yilda 2367 yigit-qiz sportda erishgan yutuqlari uchun davlat oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilingan. So‘nggi 3 yilda “imtiyoz sohiblari" soni 5 barobarga ortgan", deya Hayot Shamsuddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq so‘nggi uch yilda respublika chempionatlarida sovrindor bo‘lganlar uchun OTMga kirishda belgilangan imtiyoz bekor bo‘lishi aytilgan, ana shunday imtiyozga ega ko‘p sonli sportchilar hamda ularning ota-onalari murojaatlaridan so‘ng 2019–2021 yillarda Osiyo va respublika chempionatlarida sovrindor bo‘lgan va “Sport faoliyati" va “Jismoniy madaniyat" yo‘nalishlariga hujjat topshirgan yosh sportchilar istisno tariqasida umumiy tanlovdan tashqari talabalikka qabul qilinadigan bo‘lgandi.