Sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofaviy ta’limga o‘tkaziladi - Abduvali Xoliqov


Kelgusida sirtqi ta’limda ma’lum sohada 3 yildan 5 yilgacha vaqt mobaynida faoliyat olib borganlar, umuman, biror yo‘nalishda ishlab turganlar o‘qishi mumkinligi aytildi. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shaklining istiqbollari haqidagi savolga javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sirtqi ta’lim qaysidir sohada faoliyat yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun joriy etiladi.

– Tanqidlarga ko‘ra, [sirtqi ta’lim shaklida yiliga] atigi ikki oy davom etadigan darslarda talabalar kerakli bilimlarga ega bo‘la olmasligi qayd etiladi, dedi Abduvali Xoliqov. – Bu kabi e’tirozlar qaysidir ma’noda o‘rinli. Aslida sirtqi ta’lim qaysidir sohada faoliyat yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun joriy etilishi kerak. Lekin mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida ta’limning bu yo‘nalishidan barcha birdek foydalanishi mumkin. 

Xoliqov so‘zlariga ko‘ra, 2023-2024 o‘quv yili uchun pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmadi.

– Davlat rahbarining 2022 yil 21 iyundagi «Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida 2023/2024 o‘quv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi muassasalardagi yo‘nalishlar bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan, dedi u. – Qarorga ko‘ra, pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM kunduzgi bo‘limda ta’lim olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari 4+2 tartibida, ya’ni, darslarning 4 kuni auditoriyada, 2 kuni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash tartibida olib borilishini ta’minlashi lozim.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, kelgusida sirtqi ta’limda ma’lum sohada 3 yildan 5 yilgacha vaqt mobaynida ishlaganlar o‘qishi mumkin. 

– Bugungi kunda sirtqi ta’limda bir o‘quv yilida ikki marta dars o‘tiladi. Boshqa sohalarda ham sirtqi ta’lim shakli uchun mehnat staji talab etilishi rejalashtirilgan. Kelgusida sirtqi ta’limda ma’lum sohada 3 yildan 5 yilgacha vaqt mobaynida faoliyat olib borganlar, umuman biror yo‘nalishda ishlab turganlar o‘qishi mumkin, dedi u. – Shuningdek, ayrim ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim yo‘nalishi ham joriy etilgan. Masofaviy ta’limda talabalarga doimiy ravishda kerakli vazifalar yuklanadi. Sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofiy ta’limga o‘tkaziladi. Bugun 14 ta ta’lim muassasasida masofaviy ta’lim uchun qabul jarayonlari amalga oshirilmoqda. Masofaviy ta’lim shaklini amaliyotda keng tadbiq etish uchun biz texnik tomondan tayyor bo‘lishimiz kerak. Aytaylik, uzoq hududda yashovchi talabada texnik imkoniyatlar yetarli bo‘lmasa, bu ham o‘qish jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Internetning mavjudligi, tezligi bu borada juda muhim. 

Xoliqov so‘zlariga ko‘ra, sirtqi ta’lim shakli bugungi kunda eskirgan.

– Sirtqi ta’lim shakli uzoq yillar davomida to‘xtatib qo‘yilgan edi. Besh yil oldin qayta tiklandi. Sirtqi ta’lim shaklini rivojlantirish birmuncha vaqt talab etadigan jarayon. Bugungi kunda ta’limning bu shakli eskirgan tizimga kiradi. Sirtqi ta’lim shaklidan voz kechilishi kerak, dedi mutaxassis.