Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevga institut rektorligi vazifasi yuklandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevga Soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut rektori vazifasini bajarish yuklatildi.
Sherzod Qudbiyev 1981 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015−2016 yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
U 2018 yil aprel oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlangan, 2019 yilning avgust oyidan O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi va 2019 yili yangi tashkil etilgan prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining direktori lavozimida ish yuritib kelgan.
Sherzod Qudbiyev 2020 yilning may oyida Soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Fiskal institut soliqlar va soliqqa tortish sohasi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi ekanligi barobarida, moliyaviy nazorat, buxgalteriya hisobi va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, shuningdek iqtisodiyotda axborot texnologiyalari sohalarida kadrlar tayyorlash va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta’minlaydigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Institut quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
- soliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- kadrlar tayyorlash borasida xorijiy davlatlarning soliq organlari va o‘quv muassasalari bilan tajriba almashishni kengaytirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, o‘quv-ta’lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni jalb qilish;
- budjet daromadlarini shakllantirishda davlat manfaatlarini hamda soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta’minlay oladigan kadrlarni tarbiyalash;
- soliq organlari uchun ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan tahlil uslublari bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
- soliqqa tortish hamda moliyaviy nazorat sohalarida amaliy va fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borish, innovatsion loyihalarni keng joriy etish;
- malakali kadrlar tayyorlashni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchilikni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari va soliq ma’muriyatchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini qo‘llash asosida tashkil etish;
- o‘quv jarayonida o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, shu jumladan pedagogik va axborot texnologiyalarini, masofaviy ta’limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarni keng joriy etish, talaba, tinglovchi va pedagog xodimlarning global axborot-huquqiy hamda ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.