Sertifikatga ega informatika o‘qituvchilari uchun 50% gacha ustamalar to‘lanadi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqilayotgan “Informatika va axborot texnologiyalari fani" o‘qituvchilarining raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini aniqlash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risida Nizomga asosan umumtaʼlim maktablarining “Informatika va axborot texnologiyalari fani" o‘qituvchilarining raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini aniqlash va sertifikat berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

O‘qituvchilarning raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini aniqlash ikki bosqichda (birinchi bosqichda nazariy, ikkinchi bosqichda amaliy ko‘nikmalarni aniqlash orqali) amalga oshiriladi.

Raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini egallash darajasi bo‘yicha sertifikat 3 yil muddatga beriladi va sertifikatga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktablarning “Informatika va axborot texnologiyalari fani" o‘qituvchilariga bazaviy tarif stavkasi bo‘yicha quyidagi foiz miqdorida har oylik ustama joriy etiladi.

Birinchi bosqich natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 70 foizini to‘plagan o‘qituvchilar ikkinchi bosqichga tavsiya etiladi va ikkinchi bosqich natijalari bo‘yicha eng yuqori ballning:

  • 40-49 foizini to‘plagan o‘qituvchilarga 10 foiz miqdorida;
  • 50-59 foizini to‘plagan o‘qituvchilarga 20 foiz miqdorida;
  • 60-69 foizini to‘plagan o‘qituvchilarga 30 foiz miqdorida;
  • 70-79 foizini to‘plagan o‘qituvchilarga 40 foiz miqdorida;
  • 80-100 foizini to‘plagan o‘qituvchilarga 50 foiz miqdorida ustama joriy etiladi.

Raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan nazariy va amaliy sinov uchun o‘qituvchidan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Nazariy va amaliy sinovlar Davlat test markazi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkaziladi.