Senatdagi taklif: Talabalar to‘lov-kontrakt oshirilgani haqida avvaldan xabardor qilinishi kerak


Ombudsman oliy ta'lim olishning aniq yoki hech bo‘lmasa taxminiy miqdori haqida talabalarni to‘lovning so‘nggi muddatidan 3 oy oldin xabardor qilish mexanizmini joriy etishni taklif etmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

1 mart kuni o‘z ishini davom ettirgan Senatning XVIII yalpi majlisida 2018 yilgi faoliyati yuzasidan hisobotini e'lon qilgan Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ulug‘bek Muhammadiyev oliy ta'lim muassasalari talabalarining manfaatidan taklif bildirdi.

Ombudsman — Ulug‘bek Muhammadiyevning aytishicha, talabalar ta'lim olishning aniq miqdori haqida to‘lov muddatiga qadar, ya'ni 3 oy avval xabardor qilinishi kerak.

Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-sonli bayoniga ilovada to‘lov-kontrakt narxlari eng kam oylik ish haqiga bog‘langan bo‘lishi belgilab qo‘yilgan edi. Endilikda ta'lim olish narxi kutilmagan paytda emas, mamlakatda EKIH oshirilganda ko‘payadi.

Faqat qoidaga binoan, EKIH miqdori oshirilganda kontraktlar navbatdagi semestrdan boshlab oshiriladi. Shunga qaramay, oliy ta'lim muassasalari rektorlariga to‘lov-shartnoma narxini mustaqil belgilash huquqi berilishi rejalashtirilmoqda.

Masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalarning ta'lim olish to‘lovi mahalliy OTMga nisbatan ancha yuqori va bu o‘zgarish o‘qish boshlanishiga bir oydan kam muddat qolganda ma'lum bo‘lgandi.

Mart oyidan OTM to‘lov-kontrakt narxlari oshadi