SamDUda 463 ta qo‘shimcha kvota va yangi yo‘nalishlar ochildi


Mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida navbatdagi o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish jarayoniga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Boshlanadigan o‘quv yilida Samarqand davlat universitetida o‘qishga qabul bo‘yicha umumiy kvota hajmi oshirilib, bakalavrlar uchun 2000 nafar (o‘tgan yili 1615 nafar), magistrlar uchun 209 nafar (o‘tgan yili 131 nafar) etib belgilandi.

Bundan tashqari, universitetda kimyoviy texnologiyalar, biotexnologiyalar hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish texnologiyasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar tashkil etilib, ularda 70 nafar mutaxassis tayyorlash imkoniyati yaratildi.

Magistratura ta’limi yo‘nalishida shu davrgacha mavjud bo‘lmagan o‘zbek tili va adabiyoti, etika va estetika hamda atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi, tezlashtiruvchi texnika bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand davlat chet tillar institutida esa o‘qishga qabul bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 604, magistrlar uchun 66 nafar etib belgilandi. O‘qishga qabul bo‘yicha umumiy kvota o‘tgan yildagiga qaraganda 104 nafarga ko‘paydi.

Ayni paytda qabul komissiyalarida abituriyentlardan qabul qilinadigan hujjatlar, ma’lumotlar aks etadigan maxsus e’lon taxtalarini tayyorlash, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ularga tezkor javob berish, «ishonch telefoni» faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Abituriyentlarga hujjat topshirish jarayonida zarur bo‘ladigan o‘quv qurollari savdosi, suratga olish, ovqatlanish, abituriyentlar va ularning ota-onalariga hordiq chiqarishlari uchun qulay shart-sharoit tashkil qilinadi.