Samarqandda Prezident akademiyasining hududiy filiali tashkil etildi


Davlatimiz rahbarining 2018-yil 6-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Guliston, Qarshi, Samarqand, Urganch va Farg‘ona shaharlarida akademiyaning hududiy filiallari tashkil etilgan edi.

Akademiyaning Samarqand filiali Samarqand davlat universiteti bosh binosida faoliyat boshladi. Bu haqda «Zarnews.uz» xabar bermoqda.

2018-yil sentyabr oyidan boshlab bu yerda Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyalari shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining shahar va tuman bo‘linmalari rahbarlari malaka oshiradilar.

Malaka oshirish kursi olti kun davom etib, 72 soatlik vebinar, suhbat, trening mashg‘ulotlaridan iborat. Shuningdek, tinglovchilarga mustaqil ta’lim uchun topshiriqlar beriladi va ularni bajarish yakunida taqdimot, muayyan keys yechimi va yoki chora-tadbirlar rejasi va «yo‘l xaritasi» loyihasi ishlab chiqiladi.

Vebinar mashg‘ulotlari akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan onlayn tarzda olib boriladi. Suhbat va treninglar esa mini-ma’ruza va mavzu bo‘yicha muhokama shaklida, aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, keys-stadi va dialog shakllarida tashkil etiladi.

Malaka oshirish kursi tinglovchilarining o‘zlashtirishi akademiya ta’lim portali orqali on-layn monitoring qilinadi. Tizimli ravishda topshiriqlar berish va testlar yechish bilan ularning bilimi baholanadi.

Manba: xabar.uz