Samarqand shahrida yangi institut tashkil etildi. Qabul shu yilda amalga oshiriladi


Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida xabar berilmoqda.

Qaror bilan Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti negizida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etilib, institut va uning qoshidagi akademik litsey Oliy va o‘rta ta`lim vazirligi tizimiga o‘tkazildi. 

Ma`lum qilinishicha, institutda veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yangi zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan oliy ma`lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlanadi.

2018/2019 o‘quv yilida Institut magistratura bosqichiga (50 kishi) O‘zbekiston fuqarolarini qabul qilish to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Institutning bakalavriat bosqichiga qabul kvotasi 800 kishi, shu jumladan to‘lov-kontrakt asosida 525 kishi, davlat granti asosida 275 kishi etib belgilandi.