Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi


Prezidentning “Samarqand davlat tibbiyot institutida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:

  • Samarqand davlat tibbiyot instituti negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish;
  • Samarqand viloyati Samarqand tumani O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida universitet huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish;
  • Samarqand davlat tibbiyot institutining birinchi va ikkinchi klinikalari negizida tegishincha Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar kaminvaziv xirurgik klinikasini tashkil etish;
  • Samarqand davlat tibbiyot instituti litseyini universitet litseyi deb qayta nomlash;
  • L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar Respublika ilmiy-amaliy markazining Samarqand filiali negizida universitet huzuridagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy tadqiqot institutini tashkil etish;

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyat filiali yangi binoga ko‘chirilishi munosabati bilan, filialning bo‘shaydigan Samarqand shahar Maxdumi Azam ko‘chasi, 18-uy manzilda joylashgan eski binosini universitet tasarrufiga o‘tkazib berish hamda ushbu binoda:

  • universitet huzurida Neyroxirurgiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazini tashkil etish;
  • universitet huzurida Immunologiya va inson genomikasi ilmiy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Belgilanishicha, universitet:

  • Samarqand davlat tibbiyot institutining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
  • 2022 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi;
  • universitet klinikalari, litseyi, Neyroxirurgiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, Immunologiya va inson genomikasi ilmiy markazi hamda Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutining muassisi universitet hisoblanadi va ularning faoliyati universitet tomonidan muvofiqlashtiriladi;
  • tarkibiy tuzilmalar hamda universitetning o‘zi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasalari hisoblanadi, Moliya vazirligining g‘aznachilik bo‘linmasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
  • universitet tarkibiy tuzilmalari birinchi rahbarlari universitet ilmiy kengashining taqdimnomasiga ko‘ra sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Samarqand viloyati Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari bilan quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:

  • ta’lim jarayoni uchun zarur moddiy-texnika, o‘quv-metodik bazani yaratish va o‘quv jarayoniga tajribali mutaxassislarni jalb etib borish;
  • texnikumlar va kollejlar axborot-resurs markazi fondlarini zamonaviy o‘quv hamda o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan boyitish, “elektron kutubxona" tizimini takomillashtirish, hamda ulardan unumli foydalanishni ta’minlash maqsadida universitet axborot-resurs markazida Innovatsion ta’lim o‘quv uslubiy resurslar xabini tashkil etish;
  • texnikumlar va kollejlarda ilmiy faoliyatni rivojlantirish maqsadida, ularda faoliyat yurituvchi o‘qituvchilarga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish.