Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlaridagi OTMlarda o‘qiyotgan talabalar o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishga ruxsat berildi


Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlaridagi OTMlarda o‘qiyotgan talabalar o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishga istisno tariqasida ruxsat berildi.

Davlat test markazining xabar qilishicha, bunga davlat komissiyasining 7-son bayoni bilan rusxat berildi.

Unga ko‘ra:

  • talabalarning o‘qishi ularning arizalariga muvofiq doimiy yashash manzili hududida joylashgan OTMning mos va turdosh (mos va turdosh bo‘lmagan taqdirda mazmunan yaqin bo‘lgan) ta’lim yo‘nalishiga ko‘chiriladi;
  • o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar 2022-yil 1-noyabrdan 20-noyabrga qadar (shu kuni ham) Davlat test markazining my.dtm.uz sayti (“Rossiya Federatsiyasidan o‘qishni ko‘chirish" bo‘limi) orqali qabul qilinadi;
  • talabalarning haqiqatda muayyan OTMda tahsil olganligini tekshirish 2022-yil 25-noyabrdan 15-dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
  • talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berish bo‘yicha qaror respublika OTMlarining idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilinadi;
  • fuqarolarning Rossiyadagi muayyan OTMda haqiqatda o‘qiyotganligi aniqlanmasa ularning o‘qishi ko‘chirilmaydi.

O‘qishi ko‘chirilgan talabalarning o‘qishini mos kursdan davom ettirishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Bunda aniqlangan fanlar farqi 2022—2023-o‘quv yili davomida bepul topshiriladi.