Davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni o‘tash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, Bojxona institutini Davlat budjeti va Davlat bojxona qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan tamomlagan kursantlar besh kalendar yil davlat bojxona xizmati organlarida, boshqa davlat idoralariga yuborilganda majburiy xizmat o‘tashga majburdir.
Majburiy xizmatni o‘tash haqida Institut hamda kursantlar va ularning ota-onasi o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Shartnoma tuzishni rad etgan kursant kursantlar safidan chiqariladi.
Xizmatni o‘tashni rad etgan kursantlardan o‘qish uchun sarflangan mablag‘lar bir o‘quv yili uchun eng kam oylik ish haqining 100 barobari miqdorida undiriladi.
Qoplanmagan mablag‘lar sud orqali undiriladi.
Qo‘yidagi hollarda kursantga sarflangan mablag‘lar qoplanmaydi:
- kursant vafot etishi munosabati bilan davlat bojxona xizmati organlari shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqarilgan kunidan boshlab;
- kursant davlat bojxona xizmati organlaridan harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida yoki tashkiliy-shtat o‘zgarishlari sababli bo‘shatilganda;
- kursantning ota-onasi, aka-ukalari yoki opa-singillaridan biri nazorat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi yoxud Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchisi bo‘lib, xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan taqdirda.