Qoraqalpogʼiston tibbiyot institutini tashkil etish toʼgʼrisida


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Orolboʼyi mintaqasi uchun tibbiyot sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, hudud aholisiga koʼrsatiladigan tibbiy xizmat sifati va koʼlamini oshirish, tibbiy amaliyotning taʼlim va ilm-fan bilan oʼzaro mustahkam integratsiyasini taʼminlash, sohadagi ilgʼor yutuq va innovatsiyalarni davolash-tashxis jarayoniga joriy etish maqsadida, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasiga muvofiq: 


1. Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligining:

Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpogʼiston tibbiyot institutini (keyingi oʼrinlarda – Institut) tashkil etish;

Qoraqalpogʼiston tibbiyot instituti klinikasini (keyingi oʼrinlarda – Institut klinikasi) tashkil etish toʼgʼrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʼnalishlari etib belgilansin:

uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

oʼquv jarayonini amaliy koʼnikmalarni shakllantirishga yoʼnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʼor pedagogik texnologiyalar, oʼquv dasturlari va innovatsion oʼquv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, klinika va oʼquv bazasi faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʼunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;

fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʼliqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0" kontseptsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;

taʼlim muassasasi va Institut klinikasi ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-oʼqituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini taʼminlash;

xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-oʼqituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qoʼshma taʼlim dasturlarini rivojlantirish;

talabalarda sogʼlom turmush tarzini keng targʼib etish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni insonparvarlik va yuksak maʼnaviy gʼoyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot gʼoya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash;

moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, oʼquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.

3. Belgilansinki:

Institut Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʼyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Institutga qabul har yili belgilanadigan Oʼzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʼqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida amalga oshiriladi;

Institut klinikasi muassisi Institut hisoblanadi hamda uning faoliyati Institut tomonidan muvofiqlashtiriladi;

Institut va Institut klinikasi – yuridik shaxs maqomiga ega boʼlgan, tegishlicha davlat oliy taʼlim muassasasi va davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi, Oʼzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʼz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy gʼazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega boʼladi;

Institut klinikasi bosh shifokori yashirin ovoz berish yoʼli orqali Institut ilmiy kengashining taqdimnomasiga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

4. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq Institut rektori Institutning byudjetdan tashqari mablagʼlari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish huquqiga ega:

taʼlim jarayonini samarali tashkil etish, davolash ishlariga zamonaviy usullarni tatbiq etish hamda talabalar va professor-oʼqituvchilarga qoʼshimcha sharoitlar yaratish maqsadida Institut klinikasi va oʼquv bazalaridagi oʼquv xonalarini taʼmirlash, jihozlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

Institut klinikasida yuqori texnologiyali tashxis qoʼyish va davolash usullarini joriy etish hamda Institutga qoʼshimcha mablagʼlar tushirish maqsadida Institut klinikasi bilan oʼzaro shartnomalar asosida hamkorlikda pullik asosda tibbiy xizmatlar koʼrsatish boʼlinmalarini tashkil etish.

5. Institut klinikasi faoliyati:

Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis qoʼyish (diagnostika) va davolash standartlariga rioya qilgan holda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va Davlat byudjeti mablagʼlari hisobiga davolash qiymatini toʼlash, shuningdek, aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʼrsatish;

shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga joylashtirish;

respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari va ular faoliyatini moliyalashtirish boʼyicha normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.

6. Belgilab qoʼyilsinki, Institut klinikasi quyidagi huquqlarga ega:

oʼziga biriktirilgan davlat mulkidan samarali foydalanish va uni boshqarish boʼyicha ishlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;

Institut bilan kelishilgan holda lavozimlar roʼyxati va sonini ishlab chiqish va tasdiqlash;

xodimlar mehnatiga haq toʼlash va moddiy ragʼbatlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilash.

7. Quyidagilar:

a) Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʼlari;

talabalarning toʼlov-kontrakt asosida taʼlim olishidan, shartnomalar asosida xizmatlar koʼrsatishdan tushadigan mablagʼlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Institut klinikasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʼlari;

amalga oshirilgan va koʼrsatilgan tibbiy xizmatlardan tushadigan mablagʼlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

8. Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʼlari Institut klinikasiga Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan haqiqatda imtiyozli davolangan bemorlar boʼyicha Institut klinikasi taqdim etgan choraklik hisobotlardan kelib chiqqan holda ajratiladi.

9. Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi:

bir oy muddatda oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlar asosida Institut tuzilmasi belgilangan tartibda tasdiqlanishi;

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha talabalari Institutning mos taʼlim yoʼnalishi va mutaxassisliklariga oʼtkazilishi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi berilishi;

Institut klinikasini Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 maydagi “Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi F–4947-son farmoyishi asosida barpo etilgan bino va inshootlarga joylashtirilishini taʼminlasin.

10. Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sogʼliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va boshqa tibbiyot oliy taʼlim muassasalari tomonidan ularning yuqori malakali professor-oʼqituvchilarini jalb qilgan holda Institutda masofaviy taʼlim orqali dars mashgʼulotlarini oʼtkazish, shuningdek, Institut klinikasida telemeditsina imkoniyatlaridan keng foydalangan holda aholiga sifatli tibbiy yordam koʼrsatish va tibbiyot amaliyotlarini olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʼrsin.

11. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʼzgartirishlar kiritilsin.

12. Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritsin.

13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishning quyidagi tartibi oʼrnatilsin:

Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N. Аripov – ushbu qaror ijrosini oʼz vaqtida, toʼliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʼrsin;

Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash vaziri А.K. Shadmanov – Institut va Institut klinikasi faoliyatini samarali tashkil etsin, mazkur qarorni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʼrilishini taʼminlasin, belgilangan vazifalarni oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʼrsatsin hamda uning ijrosi boʼyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.R. Sariev – tashkil etilayotgan Institut klinikasi joylashtirilishi, uning bino va inshootlarini belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi hamda qabul qilinishini taʼminlasin;

Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori А.K. Koʼchimov, Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. А.D. Xadjaev – ushbu qarorning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati hamda Orolboʼyi mintaqasi uchun yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish, hudud aholisiga koʼrsatiladigan tibbiy xizmat sifati va koʼlamini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam yoritib borsin.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev