Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 275-sonli qarori bilan qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash hamda fan-taʼlim va ishlab chiqarishning integrasiyasini taʼminlash maqsadida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etildi.
Qarorga muvofiq, Institut 2021/2022 o‘quv yilidan Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida tashkil etiladi.
Institutda taʼlimning kredit-modul tizimi joriy etilib, unda haftada besh kunlik o‘qish va haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi.
Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlangan respublika OTMlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
2022/2023 o‘quv yilidan Institut tuzilmasida Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Geoaxborot tizimlari" markazi va laboratoriyasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Institut huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Moyli ekinlar seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari" o‘quv-ilmiy markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Institutga xorijdan va respublikaning boshqa hududlaridan ishga taklif etilgan mutaxassislarga Nukus shahrida qurilayotgan arzon uy-joylar imtiyozli shartlar asosida ajratiladi.