Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etilmoqda


Prezident “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi

Aholi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish yo‘nalishida 2022 yil yakuniga qadar Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida Ummonning Atyab International Service kompaniyasini jalb etgan holda mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, sifat nazorati, xalqaro tan olingan sertifikatsiya tizimlarini o‘z ichiga olgan, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar ishga tushiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi muassisligida Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etiladi. Mazkur institutga xalqaro ta’lim standartlari darajasidagi xalqaro bozorlarda tan olingan sifat standartlarini (Global G.A.P, Organic, HACCP va boshqalar) joriy etishga qodir yuqori malakali kadrlarni tayyorlash vazifasi yuklatiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2022 yil yakuniga qadar oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarni ishga tushirish, Qo‘qon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil etish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘radi.