Qizlar taʼlimiga sarmoya kiritish iqtisodiyotni mustahkamlaydi — UNICEF


Qizlar taʼlimi va ayollarning ish bilan taʼminlanishiga sarmoya kiritish iqtisodiyotni mustahkamlaydi va imkoniyatlardagi farqni kamaytiradi, deyiladi UNICEF bayonotida.

BMTning UNICEF bolalar jamg‘armasi qizlar va ayollar uchun teng huquqli kelajakni shakllantirish uchun ularning taʼlim olish, axborotlardan foydalanish, salohiyatlarini oshirish, ish bilan taʼminlash sohalariga sarmoya kiritishga chaqirdi. Bu haqda jamg‘armaning O‘zbekistonadagi vakolatxonasi bayonotida aytib o‘tilgan.

Xalqaro ayollar kunining bu yilgi mavzusi «Ayollar yetakchi lavozimlarda: COVID-19 dunyosida teng kelajakka erishish» bo‘lib, barcha sohalarda qizlar va ayollarning teng ishtirokini taʼminlash bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirishni nazarda tutadi.

«Biz bugun yetakchi lavozimlarda ko‘rayotgan ayollar avval taʼlim olish, resurslardan foydalanish va ishga joylashish borasida imkoniyatlarga ega bo‘lgan. Keling, bugungi kunda ham O‘zbekistonda qizlar va yosh ayollar uchun ana shunday imkoniyatlarni yarataylik», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

YUNISEF, “Yuksalish" harakati va Yoshlar ittifoqi tomonidan tayyorlangan «O‘zbekiston yoshlari: chaqiriqlar va istiqbollar» hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida taʼlim olayotgan qizlar soni barcha talabalarning 37 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, ish bilan taʼminlash sohasida yosh ayollar mehnat bozoridan ancha chetda.

O‘rta taʼlim maktabini tugatganidan keyin 19−24 yoshdagi yoshlarning 56% o‘qish, ish yoki kasbiy tayyorgarlik (NEET) bilan qamrab olinmagan. Ayollar uchun (NEET) darajasi 18 yoshdan oshganidan keyin tez o‘sib bormoqda (1,7% dan 69,0% gacha) va 25−30 yoshli ayollar uchun 74,0% ga yetadi, erkaklar uchun esa odatda pastroq bo‘lib (maksimal 33,5%), ulg‘aygan sari kamaymoqda (24,8% gacha).

Qizlar va yosh ayollar Internet orqali maʼlumot olishda ham to‘siqlarga duch keladi. Hech qachon Internetdan foydalanmagan 14−30 yoshdagi yosh ayollar soni shu yoshdagi erkaklarga nisbatan ikki baravar ko‘p — mos ravishda 68,1% va 34,3%.

Tadqiqotlar, kam taʼminlangan oilalardagi qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ayollar oliy maʼlumot olish uchun imtiyozli kreditlar olishini qo‘llab-quvvatlash muhim bo‘lib, o‘rta muddatli istiqbolda jamiyatlar yana-da barqaror va mustahkam bo‘lishiga yordam berayotganini ko‘rsatmoqda.

YUNISEF davlat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va hamjamiyatlar oliy maʼlumot olish hamda ish bilan taʼminlash imkoniyatlaridan teng foydalanishni taʼminlaydigan platformalarni yana-da takomillashtirishga chaqirib, quyidagilarni amalga oshirishga chorlaydi:

1. Yosh ayollarga alohida eʼtibor bergan holda hayotiy, texnik, innovatsion va tadbirkorlik ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun rasmiy va norasmiy taʼlimni kuchaytirish.

2. Xotin-qizlarning iqtisodiy, siyosiy va jamoat sohalaridagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash.

3. Qizlarni yosh turmushga berish va oliy maʼlumot olishga to‘sqinlik qilish singari salbiy ijtimoiy meʼyorlarga barham berishga qaratilgan kampaniyalarni tashkil qilish.