Qashqadaryoda Irrigatsiya institutining filiali ochildi


Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filiali tashkil etildi. Bu haqda institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov xabar berdi.

Qayd etilishicha, qisqa muddatda 900 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi barpo etildi. Institut rektori Institut rektori O‘.Umurzoqov buning uchun viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevga hamda quruvchi tashkilot rahbarlari va quruvchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.

Foto: Institut matbuot xizmati

Filialda tashkil etilgan zamonaviy o‘qitish vositalari bilan jihozlangan keng va yorug‘ auditoriyalar, o‘quv-laboratoriya xonalari, lingofon va kompyuter sinflari, Axborot resurs markazi, sport zali, talabalar oshxonasi, talabalar turar joylari – yoshlarni chuqur bilim olishiga, malakali mutaxassis, jismonan va ma’nan sog‘lom shaxslar sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialiga 2019-2020 o‘quv yilida 6 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga jami 254 nafar yoshlar talabalikka qabul qilingan.

 Viloyatdagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni muntazam ravishda o‘rganib, bu yo‘nalishlar soni va turlarini yanada kengaytirib va ko‘paytirib borish, qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari va korxonalarida faol mehnat qilayotgan sohaning fidoiy xodimlari uchun sirtqi ta’limni ham yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.

Institut rektori sirtqi ta’limda ham kunduzgi ta’limdan kam bo‘lmagan o‘qitish sifati ta’minlanishini, bu borada masofaviy ta’lim, innovatsion ta’lim texnologiyasi va o‘qitishning eng zamonaviy uslublari joriy qilinishini, Bosh institutning eng tajribali akademiklari, professorlari o‘quv jarayoniga muntazam ravishda jalb qilib borilishini, kelgusida filialda magistratura va doktorantura ta’lim bosqichlari ham yo‘lga qo‘yilishini ta’kidlab o‘tgan.

Filial talabalariga Germaniyaning Hohenheim universitetida o‘zining PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan, Wageningen universiteti  Environmental Sciences yo‘nalishi bo‘yicha ikki tomonlama Master degree (Msc) darajasini olgan o‘qituvchilardan iborat 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilar o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishadi. Ularning 8 nafari ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lib, olimlar salmog‘i 40 foizni tashkil etadi.

Manba: xabar.uz