Mamlakatimizda barcha bo‘g‘indagi harbiylarning yuqori professional qobiliyati va bilimini oshirish, ularning intellektual salohiyatini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan mukammal kadrlar tayyorlash tizimi yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakultetining operativ-strategik bo‘g‘indagi ofitserlarni tayyorlash kursi ilk bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlari berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantana karantin qodilariga qatʼiy amal qilingan holda yuqori saviyada tashkil etildi.
Ushbu o‘quv kursini bitirgan nafaqat Mudofaa vazirligi, balki kuch tizimidagi boshqa vazirlik va idoralarning ofitserlari ham mamlakatimizning strategik masalalari bo‘lgan davlatimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, qo‘shinlarni qo‘llash strategiyasini yana-da takomillashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalangan holda jangovar operatsiyalarni olib borish bo‘yicha zarur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Tantanali marosim avvalida sahnaga akademiya jangovar bayrog‘i olib chiqilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.
Shundan so‘ng Mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev so‘zga chiqib, bitiruvchi ofitserlar oldida turgan jiddiy va o‘ta masʼuliyatli bo‘lmish Qurolli Kuchlarimizni yana-da rivojlantirish va mamlakatimiz xavfsizligini kuchaytirish masalasini yana bir bor eslatib o‘tdi.
– Bugun dunyoda turli qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, terroristik va boshqa tahdidlar soni kun sayin ortib bormoqda, – deydi kurs bitiruvchisi podpolkovnik Umid Mahmudov. – Ikki yil davomida bizga mazkur dargohning yuqori malakali professor-o‘qituvchilari Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, nostandart sharoitlarda tezkorlik bilan to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini zamonaviy metodlar yordamida o‘rgatishdi. Albatta, bu ishonchni ona Vatanimiz tinchligi va uning ravnaqi yo‘lida mardonavor xizmat qilish bilan oqlaymiz.
Darhaqiqat, milliy armiyamizni professional bilim va malakasi, aqliy salohiyati, ruhiy tayyorgarligi yuqori bo‘lgan, vatanparvarlik fazilatlarini o‘zida mujassam etgan ofitserlar bilan butlash o‘ta muhim vazifa.
Marosim davomida kurs bitiruvchi ofitserlariga Mudofaa vazirining buyrug‘i va ular tayinlangan o‘ta masʼuliyatli va jiddiy lovozimlar o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng ofitserlarga magistr diplomi va ko‘krak nishonlari topshirildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, bitiruvchi ofitserlar o‘zlarining professional darajasini muntazam oshirib borib, strategik masalalarni chuqur tahlil qilish va ijodiy fikrlash qobiliyatini yana-da rivojlantirgan holda xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlaydi.
So‘z olganlar kurs bitiruvchilari orasidan istiqbolda chuqur tahliliy va taʼsirchan qobiliyati bilan Qurolli Kuchlarimiz salohiyatiga salmoqli hissa qo‘shadigan qo‘mondonlar, generallar, strategik darajadagi rahbar xodimlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Islomjon QO‘CHQOROV, “Vatanparvar"