Prezident ta’lim sifati past hududlarni sanadi


Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha yil boshida belgilangan topshiriqlar ijrosi, yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

«Yanvar oyida maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha 5 ta ustuvor yo‘nalishda aniq vazifalarni belgilab, barcha masalalar hal qilib berilgan edi.

Lekin birorta islohot oson bo‘lmaydi.

2022 yilni hokimlarning maktabga e’tibori yili deb e’lon qilganimiz va tuman hokimi «RayONO» mudiri bo‘ladi, degan vazifalarni, afsuski, hamma hokimlar ham hali to‘liq tushunib yetgani yo‘q», dedi davlatimiz rahbari.

Prezident sohadagi ishlar ahvoli qoniqarsizligi uchun viloyat va tuman hokimlarini keskin tanqid qildi.

Jumladan, ikki oyda barcha hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida respublikadagi 852 ta maktabda ta’lim sifati, muallimlar salohiyati va o‘quvchilarning oliygohlarga kirish darajasi ancha pastligi aniqlangan.

Bu borada eng og‘ir ahvol Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istonda ekani ko‘rsatib o‘tildi.