“Tashkent Pharma Park" innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Toshkent viloyati Qibray tumanida “Tashkent Pharma Park" innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri tashkil etiladi.
Klaster o‘z ichiga Farmatsevtika texnik universiteti va innovatsion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ishlab chiqarish maydonlaridan iborat sanoat zonasini tashkil etishni qamrab oladi.
Qaror bilan klasterning hamda universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.
Jumladan, universitet dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlaydi.
Qaror bilan klasterni tashkil etish bo‘yicha konsepsiya hamda amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Konsepsiyaga ko‘ra, klasterni tashkil etishdan maqsad respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini quyidagi uch yo‘nalishda rivojlantirish hisoblanadi:
- farmatsevtika fanini rivojlantirish;
- farmatsevtikada ta’lim tizimini takomillashtirish;
- chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil qilish.
Shuningdek, qaror bilan Klasterning vasiylik kengashi hamda Davlat muassasasi shaklidagi “Tashkent Pharma Park" innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi tashkil etildi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Direksiya faoliyatini muvofiqlashtiradi", deyiladi qarorda.