O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori imzolandi. Qaror matni O‘zAda e’lon qilindi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Qarorda universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi:
— zamonaviy innovatsion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo‘llagan holda, turizm sohasida yuqori malakali professional kadrlarni milliy va xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq sifatli tayyorlashni ta’minlash;
— ta’limning tegishli yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish, yosh talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, turizm sohasida ta’lim tizimiga yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari tajribasini joriy qilish;
— turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlarini hamda o‘qitishning innovatsion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
— istiqbolli yosh bitiruvchilarni chet el oliy ta’lim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga magistratura hamda doktoranturada o‘qishga muntazam ravishda yuborish orqali universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;
— ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish faoliyati bilan uzviy integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
— turizm sohasi sub’yektlari mutaxassislarini qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
— turistik faoliyatni va turizm sohasida yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish;
— yetakchi respublika va xorijiy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni, jumladan, ularning mutaxassis hamda ekspertlarini o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish jarayonlariga jalb qilish orqali rivojlantirish, turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish.
Manba: xabar.uz