Prezident qarori bilan Bahodir Jalolov boks maktabi tashkil etiladi


Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Boks bo‘yicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi (keyingi o‘rinlarda – boks maktabi) tashkil etiladi.

Qaror bilan boks maktabining asosiy vazifalari belgilab berilgan.

Boks maktabi o‘z faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilidan boshlaydi.

Unda o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 175 nafarni tashkil etib, ular 5-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi.

Boks maktabi o‘quvchilarini umumta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amalga oshiriladi.

Boks maktabi o‘quvchilarini yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi, sport kiyim-boshi va anjomlari, forma bilan ta’minlashda oliy mahorat sport maktablarining normativlari tatbiq etiladi.

O‘quvchilarni tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi hamda o‘quvchilar to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.

Tegishli tashkilotlarga 2022 yil 1 avgustga qadar Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan 259-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida zamonaviy boks maktabi tashkil etilish va jihozlash topshirilgan.

Boks maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat budjetidan jami 25 milliard so‘m yo‘naltiriladi.