Prezident maktablariga kirish imtihonlari qanday o‘tadi?


Telegram’dagi «Prezident maktablari» kanalida Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga kirish imtihonlari haqida ma'lumot berildi. Unga ko‘ra, kirish imtihonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi.

1-bosqichda matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test savollari beriladi.

Belgilangan vazifani bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi.

Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar 2-bosqichda qatnashadi (masalan – Namangan shahri maktabining har bir sinfiga 480 talabgor (24 o‘rin * 20 talabgor) qatnashishi mumkin).

2-bosqichga o‘tgan talabgorlar uchun quyidagi topshiriqdan iborat test sinovlari o‘tkaziladi:

axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha – 16 ta masala;

mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan – 24 ta masala;

ingliz tilidan – 55 ta test.

4- va 5-sinf o‘quvchilari to‘plagan ballarning asosiy qismini (80 foizini) tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlarni bajarish orqali yig‘ishlari mumkin. Ballarning 20 foizigina ingliz tili faniga to‘g‘ri keladi.

Shu bois nomzodlar ingliz tilidan mukammal tayyorgarlikka ega bo‘lmay, tanqidiy va mantiqiy fikrlash qobiliyati yaxshi rivojlangan bo‘lsa ham, Prezident maktablariga qabul qilinish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Nomzodlar istagiga ko‘ra ushbu yo‘nalishdagi imtihon savollari ingliz tilida emas, davlat tilida berilishi mumkin.

Yuqori sinf 6-, 7-, 8-, 9-sinf o‘quvchilari uchun ingliz tilining ahamiyati 40 foiz bo‘lib, tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlar 60%ni tashkil etadi.

Bunday talab qo‘yilganining asosiy sababi, Prezident maktabining yuqori sinf o‘quvchilari xorijlik o‘qituvchilar o‘tadigan STEAM-fanlarni o‘rganish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishi zarur. O‘quvchi xohishiga ko‘ra tanqidiy fikrlash va mantiq bo‘yicha imtihonlarni ingliz tilida ham topshirishi mumkin.

Kirish imtihonlari 2-bosqichning natijalariga ko‘ra bir xil ball to‘plagan talabgorlar soni belgilangan qabul kvotasidan ortib ketgan taqdirda, qabul komissiyasi va ta'lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha topshiriqlar beriladi.