Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi maktablarga 2020/2021 oʻquv yili uchun oʻquvchilarni qabul qilish imtihonlari boʻyicha maʼlumot


Jahon hamjamiyatiga dadil integratsiya qilgan yurtimiz hayotning barcha sohalarida ilgʻor taraqqiyot yoʻlidan borishni maqsad qilib olgan va bu yuksak marralarga erishish uchun har tomonlama yetuk kadrlar kerak.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qator Farmon va qarorlar, amalga oshirilgan ishlar bunga ishonchli zamin yaratdi.

“Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak. Ana shunday yuksak salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar – Prezident maktablarini tashkil etishni rejalashtirganmiz", – degan edilar muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda yuzaga kelgan pandemiya vaziyatidan kelib chiqib, karantin davrida yosh avlod sogʻligini asrash, pandemiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda voyaga yetmagan oʻquvchilarning katta sigʻimli binolarda saralash imtihonlari vaqtida uzoq vaqt qolib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi, shuningdek, xorijiy hamkorimiz – Cambridge Assessment tashkiloti vakillarining mamlakatimizga karantin davrida tashrifini belgilangan sanalarda tashkil etish imkoni yoʻqligi sababli istisno tariqasida joriy yilda Prezident maktablariga oʻquvchilar qabuli kelgusi oʻquv yilda oʻtkaziladi.

Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand va Fargʻona shaharlarida ochiladigan Prezident maktablariga (beshinchi sinfdan oʻninchi sinfgacha) hamda joriy yilda ochilishi rejalashtirilgan Surxondaryo viloyatidagi Roʻzi Choriyev va Buxoro viloyatidagi Muxtor Ashrafiy nomidagi ijod maktablariga (yettinchi sinfdan) oʻquvchilar qabuli kelgusi yilda oʻtkaziladi.

Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida faoliyat yuritayotgan Prezident maktablariga 2020/2021 oʻquv yiliga oʻquvchilarni beshinchi sinflarga qabul qilish imtihonlari 2021-yilga qoldirilib, 2021/2022 oʻquv yilida oʻquvchilar beshinchi va oltinchi sinflarga qabul qilinadi.

Hukumat qaroriga binoan, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab ijod maktablariga qabul yettinchi sinfdan amalga oshiriladi. Bugungi kunga kelib, mavjud ijod maktablaridagi sinflar kontingenti toʻliqligini inobatga olgan holda, 2020/2021 oʻquv yilida yangi sinflar ochilishi nazarda tutilmagan.

Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar, yaʼni Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek hamda Abu Ali ibn Sino nomlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablarga 2020/2021 oʻquv yiliga oʻquvchilarni qabul qilish masalasiga oid maʼlumot tegishli oʻrganishlardan soʻng maʼlum qilinadi.

Bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqqan holda, Agentlik tizimidagi maktablariga oʻquvchilar qabulida joriy yilda kiritilayotgan oʻzgarishlar ushbu maktablarda oʻqish istagida boʻlgan oʻquvchilarimizning shijoatini hech ham soʻndirmasligiga va, aksincha, ularda paydo boʻlgan qoʻshimcha vaqtdan unumli foydalanib, imtihonlarga yana-da puxta tayyorgarlik koʻrishlari uchun imkoniyat sifatida qabul qilishadi, degan umiddamiz.

Agentlik tizimidagi maktablarga oʻquvchilar qabuli uchun saralash imtihonlari vaqtlariga oʻzgartirishlar kiritilgan holatda, Agentlik oʻzining rasmiy sahifalari va OAV orqali qoʻshimcha maʼlumot berib boradi.

Agentlik tasarrufidagi maktablarga oid eng soʻnggi yangiliklarni kuzatib borish uchun: www.piima.uz

Prezident maktablari: www.pm.piima.uz.

Elektron manzilimiz: info@piima.uz

Murojaat uchun telefon: +998-71-207-20-17