O‘zMUda Gidrometeorologiya fakulteti tashkil etiladi


Prezident qarori bilan 2021−2022 o‘quv yilidan O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakulteti tashkil etiladi. Rossiya va boshqa xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. 

Prezidentning 17 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakultetini tashkil etish belgilanmoqda. 

2021−2022 o‘quv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti va boshqa xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. 

Bundan tashqari, Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumi tashkil etiladi. U O‘zgidromet tizimiga o‘tkaziladi. 

Texnikum gidrometeorologiya sohasida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha bazaviy o‘quv muassasasi, meteorologiya, gidrologiya, gidrometeorologiyada aloqa va kommunikatsiyalar sohasida kasb-hunar taʼlimi bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi. 

Texnikumda kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi va to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Texnikum Jahon meteorologiya tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi funksiyalarini bajaradi.

O‘zgidromet xodimlari Toshkent gidrometeorologiya texnikumida dastur asosida malakasi oshiriladi.

Qaror bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi «El-yurt umidi» jamg‘armasi 2021 yildan boshlab belgilangan tartibda O‘zgidrometning salohiyatli xodimlarini yetakchi xorijiy taʼlim, ilmiy va ixtisoslashtirilgan muassasalarda o‘qitish, malakasini oshirish hamda stajirovka o‘tashini tashkil etadi.

Shuningdek, ikki oy ichida gidrometeorologiya faoliyatida sunʼiy yo‘ldosh va yerni masofadan zondlash texnologiyalaridan keng foydalanish, shuningdek, gidrometeorologik maʼlumotlar bilan almashish uchun maʼlumotlar uzatishning yagona telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratish dasturi ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonda aviatsiyani meteorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash sohasida Jahon meteorologiya tashkiloti va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.