Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etildi


Joriy yil 26-yanvardagi Prezidentning «Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida kadrlar tayyorlashni nazarda tutuvchi qator chora-tadbirlar belgilab olindi.

Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:

  • Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti;
  • Institut huzurida Agrobiznes sub’yektlari salohiyatini oshirish markazi – Capacity Building Center;
  • Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzuridagi Qo‘qon oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish texnikumi.

Institutning asosiy vazifalaridan biri oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida kichik va o‘rta biznes uchun raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantiradigan mukammal texnologlar, yetuk kadrlar va biznes rahbarlarini tayyorlash hisoblanadi.

Institutda o‘qitish ingliz, rus va o‘zbek tillarida hamda kunduzgi, sirtqi va masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshiriladi.

2024/2025-o‘quv yilidan Institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha dual ta’lim tizimi joriy qilinadi.

2024-yil 1-yanvardan Institutning ilmiy salohiyatini oshirish uchun oziq-ovqat sanoati va uni qayta ishlash bo‘yicha ilmiy pedagogik kadrlar (tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar Institutga sohaga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali 2-kursdan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.