O‘zbekistonning barcha viloyatida o‘rta-maxsus islom bilim yurtlari (madrasalar) ochilishi rejalashtirilmoqda. Pespublikamizning barcha hududlarida madrasalar paydo bo‘ladi. Bu haqda «Azon.uz» xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, islom bilim yurtlari uchun binolar yangidan qurilishi yoki avval madrasa bo‘lib, keyin mu stabid sovet ittifoqi davrida boshqa maqsadlarda foydalanilgan binolar o‘quv dargohlari sifatida qaytadan tiklanishi mumkin ekan. Gap aynan Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlari haqida ketmoqda. Chunki shu viloyatlarda rasmiy tarzda faoliyat yuritayotgan birorta ham madrasa mavjud emas.
Hozirda Respublika bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi 9 ta o‘rta maxsus islom bilim yurtlari (madrasa) mavjud bo‘lib, ulardan 7 tasi yigitlarga 2 tasi ayol-qizlarga mo‘ljallangan.
Ma’lumotni hozircha tegishli idoralardan tasdiqlashning iloji bo‘lmadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Hazrati Imom (Hastimom) majmuasida davlat va jamoat tashkilotlari, Musulmonlar idorasi rahbariyati, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan suhbat chog‘ida mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishdagi to‘qqizta o‘rta maxsus va ikkita oliy ta’lim muassasasi Islom sivilizatsiyasi markazi ixtiyoriga o‘tkazilishi haqida aytib, yana nechta o‘rta maxsus islom bilim yurti kerakligi haqida taklif kiritishni so‘ragan edi.
Manba: sof.uz