Viloyat hokimlari o‘z budjetidan maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z yuritildi.
“Behzod Musayev, Sherzod Shermatov viloyat, tuman va shaharlar hokimlari bilan birga, 2021-yil 1-sentabrga qadar tanlab olingan jami 207 ta maktabda barcha sharoitlarni yaratib, chet tillarini chuqur o‘rgatishni boshlaydi. Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari Xalq ta’limi vazirligi va yangi agentlik bilan birga ushbu maktablarni zarur adabiyotlar, o‘quv dasturlari va qurollari hamda texnika vositalari bilan jihozlashga mas’ul bo‘ladi.
Umuman, Nurobod tajribasidan kelib chiqib, viloyat hokimlari o‘z budjetidan maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratishi kerak.
Mas’ul tashkilot rahbarlari yangi agentlik bilan birga, bir oy muddatda har bir ixtisoslashgan maktabga xorijiy, ayniqsa, Osiyo davlatlaridan kamida 2-3 nafardan, oliygohlarga esa kamida 5 nafardan til egasi bo‘lgan malakali o‘qituvchilarni jalb qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqsin.
Maktablarning chet el mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari mahalliy budjetdan, oliygohlarda esa o‘zining jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi", – dedi Shavkat Mirziyoyev.