O‘zbekistondagi har bir tuman va OTM ma'lum bir sport turiga ixtisoslashtiriladi


O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchilarni saralab olish tizimini rivojlantiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan qarori loyihasida aytiladi, deb yozadi kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligining:

hududlardagi mavjud ta'lim muassasalarini xatlovdan o‘tkazib, sport zaxirasini shakllantirish, saralash (seleksiya) va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish tizimini yo‘lga bo‘yicha tuman (shahar)larni sport turlariga ixtisoslashtirishni tashkil etish;

hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, har bir tuman (shahar)ni hamda oliy ta'lim muassasalarini ma'lum bir sport turlariga ixtisoslashtirish va sport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, iqtidorli sportchilarni O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga saralash (seleksiya) qilish;

sport turlariga ixtisoslashtirilgan tuman (shahar)larning ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “maktab ligasi" hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida “talaba ligasi" musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha takliflari ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar sport turlariga ixtisoslashtirilgan tuman (shahar) ta'lim muassasalari hamda oliy ta'lim muassasalarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

sport turlari bo‘yicha yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh sportchilarni saralab olish (seleksiya) tizimini yo‘lga qo‘yish, ularni o‘qitish, tarbiyalash va individual xususiyatlarini rivojlantirish, sport sohasidagi qobiliyatini yanada oshirish;

bolalar-o‘smirlar sport maktablari hamda sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktablarini rivojlantirish uchun ishonchli sport zaxirasini shakllantirish, iqtidorli bolalarni sportga jalb etish va ularning salohiyatini doimiy ravishda oshirib borish;

professional sportchilarni tayyorlash tizimini tashkil etish, rivojlangan mamlakatlar bilan xalqaro darajada raqobatlasha oladigan darajaga yetkazish, turli yosh toifasidagi respublika terma jamoalarga va sport turlari bo‘yicha terma jamoalariga professional sportchilarni tayyorlash;

sport sohasida rivojlangan xalqaro mamlakatlarda o‘tkaziladigan musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish orqali sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoasi a'zolarining saviyasini oshirib borish.

Belgilab qo‘yilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari jismoniy tarbiya va sport muassasalarining moddiy texnik bazasini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning infratuzilmasini rivojlantirish, xususan:

hududlarda jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish muassasalarini moddiy texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rish, shu jumladan sport ta'limi muassasalari xodimlarining jamiyatdagi o‘rnini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;

tuman (shahar)larning kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda sport ta'lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish va ularni kuz-qish mavsumiga samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish;

hududlarda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirishga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini belgilangan tartibda qabul qilish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar budjetlari daromadlarining aniqlanadigan prognozining oshirib bajarilgan qismidan kamida o‘ttiz foizini hududiy ommaviy sport va jismoniy tarbiya tadbirlarini rivojlantirish uchun moliyalashtirishga yo‘naltirish;

jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish muassasalaridagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

har chorak yakunida tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari ishtirokidagi hududiy kengash majlislarida qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan faoliyat natijadorligi bo‘yicha hisobot berib borish vazifalari yuklatiladi.