O‘zbekistondagi har bir OTM Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda Bandlik markazlarini tashkil etadi


Prezident raisligida o‘tkazilayotgan 4-mart kungi yig‘ilishda OTMlar rektorlariga talabalar bandligini ta’minlash va daromad topishini tashkil etish uchun vazifalar berildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Qayd etilishicha, rektorlar OTMlarning yo‘nalishiga qarab, aholi va tadbirkorlarga pullik xizmatlar ko‘rsatib, 5 ming nafar talabaga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, OTMlarda:

  • qishloq xo‘jaligi va veterinariya yo‘nalishida issiqxona, bog‘dorchilik, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, hayvonlarni emlash;
  • xorijiy tillar yo‘nalishida – til o‘rgatish, turizm, tarjimonlik;
  • iqtisodiy yo‘nalishda – buxgalteriya, biznes rejalar ishlab chiqish, sug‘urta xizmatlari;
  • qurilish va arxitekturada – loyiha tayyorlash, dizaynerlik kabi pullik xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Har bir oliygoh rektoriga Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Bandlik markazlarini tashkil etish topshirilgan. Har bir OTMda bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratib, kamida 10 tadan pullik kurslar, maishiy va boshqa xizmatlarni tashkil etish vazifasi qo‘yilgan. Bu orqali 5 ming nafar talaba daromad keltiradigan ish bilan band bo‘ladi.