Bugundan boshlab Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh respublika oliy ta’lim muassasalarini kompleks o‘rganadi. Bu haqdavazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yil 28 yanvar kuni Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalari 23 ta mezon asosida tanqidiy va tahliliy o‘rganiladi.
Asosiy e’tibor oliy ta’limdagi islohotlar, ilm, fan va ishlab chiqarishdagi integratsiyalar, axborot-resurs markazlari faoliyati, moliyaviy, akademik mustaqillik berilgan ta’lim muassasalariga amaliy ko‘mak berish, ilmiy salohiyat, ta’lim jarayonining qay darajada tashkil etilgani, masofaviy ta’lim, kredit-modul tizimi, talabalar turar joylarida yaratilgan shart-sharoitlar, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlari joriy etilganligi kabi mezonlarga qaratiladi.
Maqsad oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda raqobatbardoshligini oshirish, raqamli texnologiyalarni to‘liq joriy etish orqali ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish.
"O‘rganish jarayonidagi yutuqlar va tajribalar keng ommalashtiriladi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi. Barcha o‘rganishlar televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam yoritib boriladi", deyiladi xabarda.