«Shbeemann» xorijiy konsalting kompaniyasi O‘zbekistondagi 6ta oliy ta'lim muassasasini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazadi.
«Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi «Shbeemann» xorijiy konsalting kompaniyasi bilan 6ta OTMni xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlash va xalqaro akkreditatsiyani o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi. Kelishuvga binoan, Toshkent shahridan 2ta va hududlardan 4ta OTM xorijiy ekspertlar tomonidan tanlov asosida saralab olinadi, ularda to‘liq Yevropa ta'lim sifatini kafolatlash tarmog‘i (ENQA) standartlari va talablari asosida ta'lim sifatini nazorat qilish tizimi yaratiladi.
Shuningdek, kelishuv doirasida o‘zbek OTMlarida kredit tizimini joriy etish va 20ta OTMda mehnat bozori talablariga javob bermaydigan ta'lim dasturlaridan voz kechib xalqaro ta'lim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan», deyiladi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabarida.
Bundan avvalroq, O‘zbekistonda oliy ta'lim sifatini oshirishga ko‘maklashish uchun xalqaro kompaniya yollangani haqida xabar berilgan edi.