Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston milliy matbuot markazida «Tibbiy ta’limdagi islohotlar — tibbiyot sohasining taraqqiyot mezonlaridan biri» mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb yozadi xabar.uz.
Anjumanda qayd etilishicha, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida 2019/2020 o‘quv yilidan klinik psixologiya, biotibbiyot muhandisligi, dori vositalarini standartlash, sertifikatlash va sifat menejmenti kabi bir qator yangi ta’lim yunalishlar ochiladi. Shuningdek, endilikda tibbiyot kollejlarida ham o‘qitish muddatlari uch yildan ikki yilga qisqartirilib, feldsher-laboratoriya ishi, feldsherlik ishi va tibbiy-ijtimoiy ish kabi yangi ta’lim yo‘nalishlarida malakali o‘rta tibbiyot kadrlar tayyorlanadi.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab respublikamizning tibbiyot oliy ta’lim muassasasalari va filiallarida Rossiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Hindiston kabi xorijiy davlatlarning 20 dan ortiq bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma dastur asosida xalqaro fakultetlar va yangi o‘quv yilidan Rossiyaning N.I. Pirogov nomidagi Rossiya tibbiyot universiteti filialini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2019 – 2022 yillarda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich o‘quv-simulyasion markazlar tashkil etilib, 2020 yildan boshlab, har yili tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari va tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari orasida klinik fanlar bo‘yicha Ibn Sino nomidagi xalqaro tibbiyot olimpiadalari, shuningdek, yosh olimlar orasida Ibn Sino nomidagi xalqaro ilmiy tanlovlar o‘tkaziladi.