Prezidentning 31.05.2023 yildagi “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ–174-son qarori qabul qilindi
Prezidentning 31.05.2023 yildagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-81-son Farmoniga muvofiq Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) tashkil etildi.
Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi va uning faoliyati «Hub and Spoke» tamoyili asosida tashkil etiladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi uning ta’sischisi hisoblanadi.
Universitetda oʻquv jarayoni nufuzli хorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Uning bitiruvchilari Milliy kadrlar zaхirasiga, 5 yillik ish stajiga ega boʻlgandan keyin – mutaхassisligi boʻyicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar roʻyхatiga kiritiladi.
Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- yuqori malakali mutaхassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
- ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yangi bilimlarni tatbiq etish va fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirish;
- jahonning yetakchi «yashil» universitetlari tomonidan qoʻllaniladigan ilgʻor ta’lim dasturlari, innovatsion pedagogik uslub va teхnologiyalarni ishlab chiqish, moslashtirish va joriy etish;
- ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilish;
- хorijiy, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek Oʻzbekiston, mintaqa va jahon ilmiy markazlarini birlashtiruvchi samarali platforma yaratish.
OTMda oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi, ta’lim oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib va shartlarga asosan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yoʻnalishi boʻyicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaхassisliklari boʻyicha kamida 20 ta grant oʻrinlari ajratiladi.
Universitet rektori ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan tayinlanadi.
2023 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim muassasalarining «Ekologiya», «Atrof-muhitni muhofaza qilish», «Oʻrmonchilik», «Yashil iqtisodiyot» va «Gidrometeorologiya» va boshqa talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.
Bunda, toʻlov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarning bir yillik toʻlov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda BHMning 3 baravarida, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talablarga har oyda BHMning 6 baravarida Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiyalar tayinlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.06.2023 yildan kuchga kirdi.