“Mening fikrim" jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi xodimlari, jumladan uchuvchilarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan universitetni tashkil qilish haqida petitsiya e'lon qilindi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi hozirgi kunda shiddat bilan rivojlanib, har sohada havas qilsa arzigulik natijalarga erishilmoqda.
“Aholi soni kundan-kunga oshib, yo‘lovchilarni tashish, jumladan, havo transportidan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta'minlash, aeroportlar infratuzilmasini va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil choralar amalga oshirildi. Ayni paytda yuqori malakali va boy tajribaga ega bo‘lgan uchuvchilar, styuard va styuardessalarga, muhandis-mexaniklarga talab yuqori", - deb yozadi murojaat muallifi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasida fuqaro aviatsiyasi xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan universitet ochish zarur ekani aytiladi.
“Ushbu takliflarni xorijiy tajribani o‘rgangan holda, amaliyotimizga tatbiq qilishimiz kerak", - deyiladi petitsiyada.