O‘zbekistonda tibbiyot OTMlari talabalari uchun vazir stipendiyasi ta’sis etildi


Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan O‘zbekistonda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun “Sog‘liqni saqlash vaziri stipendiyasi" ta’sis etildi. Bu haqda SSV xabar qildi.

Qayd etilishicha, stipendiya bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan yoshlarga beriladi. U har bir tibbiyot oliy ta’lim muassasasining 5 nafargacha nomzodiga bir yil mobaynida ajratiladi.

Ushbu stipendiyaga nomzodlarni saralash haqidagi e’lon tanlov o‘tkazilishidan kamida 1 oy oldin matbuotda e’lon qilinadi. Nomzodlar tomonidan arizalar mavjud 11 ta tibbiyot oliy o‘quv yurtining Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga taqdim etiladi.

Hujjatlar navbatdagi bosqichda vazirlikning Fan va ta’lim boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilgach, vazir buyrug‘i asosida beriladi. Stipendiya miqdori Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasi miqdoriga tenglashtirilgan.

Bundan avval O‘zbekistonda endi talabalarga stipendiya har oyning 5-sanasiga qadar berilishi, O‘zbekiston fuqarolarining 50 nafariga Fransiyada bepul o‘qish imkoniyati taqdim etilishi, o‘zbekistonlik talabalar uchun Prezident va davlat stipendiyalarini tayinlash tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.