O‘zbekistonda Rossiyaning yana bir OTM filiali ochiladi


A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining O‘zbekistonda filiali ochilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur masala universitet, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi vakillari ishtirokidagi videokonferensiyada muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda Sputnik nashri.

Filial O‘zbekistonda pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash masalalarini yo‘lga qo‘yadi.

Tomonlar dars mashg‘ulotlarini quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lga qo‘yishni ko‘rib chiqdilar:

- alohida ehtiyojga muhtoj bolalar bilan ishlovchi mutaxassislar uchun reablitatsiya va tuzatuvchi pedagogogika;

-maktabgacha ta’lim;

- psixologiya.

“A.I.Gersen nomidagi universitet - samarali o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikalariga ega Rossiyaning yetakchi pedagogika oliy o‘quv yurtlaridan biridir. Hamkorligimiz bo‘yicha ijobiy natijalarimizdan biri Nukus MTT mutaxassislari “Imkon" reabilitatsiya markazi mutaxassislari bilan A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetida malaka oshirishdi. Sankt-Peterburgdan professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni Universitetning Toshkent filiali ishiga jalb qilishni rejalashtirganmiz", - deydi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Universitetlar reytingini aniqlab boradigan QS ranking ma’lumotlariga ko‘ra, universitet Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo universitetlari ro‘yxatida 201-210 o‘rinda turibdi. Unda 12 mingdan ortiq talabalar, shu jumladan 1255 nafar xorijiy talabalar tahsil oladi. Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra universitet Rossiyaning top-50 universitetlaridan biri sanaladi.