O‘zbekistonda Rossiyaning beshta yetakchi universiteti filiali ochiladi


Yaqin kelajakda O‘zbekistonda Rossiyaning beshta yetakchi universiteti filiali ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda yaqin kelajakda ochilishi rejalashtirilgan filiallar madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlaydi.

Unga ko‘ra, quyidagi universitetlar filiallari ochiladi:

- “Moskva po‘lat va qotishmalar institute" milliy tadqiqot texnologik universiteti;

- N.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti;

- I.Sechenov nomidagi birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti;

- Moskva arxitektura universiteti;

- Rossiya texnologik universiteti.

Shuningdek O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining qayd etishicha, 2018 yilda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti filialini kengaytirish rejalashtirilgan. Bunda magistraturaning amaliy matematika va informatika, psixologiya mutaxassisliklari bo‘yicha faoliyat kengayadi.