O‘zbekistonda OTMlar reytingi e’lon qilindi


Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan mamlakatizdagi OTMlarning reyting natijalari e’lon qilindi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berib o‘tdi.

2018 yil 24 oktyabr kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ilk bor xalqaro tajribalar asosida oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingi yaratilib, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari tahlil qilingani va mazkur tahlil natijasida sohada qator muammo va kamchiliklar ma’lum bo‘lgani aytib o‘tilgan edi.

O‘tgan davr mobaynida Ta’lim inspeksiyasi tomonidan rivojlangan davlatlar tajribalari chuqur o‘rganildi va xalqaro ekspertlar guruhini jalb qilib amaldagi milliy reyting tizimi qayta tahlil qilindi. QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Higher Education World University Rankings) kabi nufuzli reyting agentliklarining mutaxassislari milliy reyting tizimimizni ijobiy baholab kelgusida reyting tuzish metodikasini yanada takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

O‘rganilgan tajriba va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida O‘zbekiston milliy oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini baholovchi reyting tuzilmasi yaratildi. Yangilangan metodikaga oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari haqida ish beruvchilar bahosi, talabalarning mutaxassislik fanlarini bilish darajasi, professor-o‘qituvchilar yaratgan ilmiy maqolalarning «Web of Science» hamda «Scopus» kabi xalqaro bazalardagi ulushi, xalqaro indekslar ma’lumotlari asosida ilmiy nashrlarga iqtiboslar miqdori, ta’lim muassasasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit kabi yangi indikatorlar kiritildi.

Barcha qilingan ishlarni huquqiy tartibga solish maqsadida oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi va 2019 yil 7 iyunda 467-son bilan tasdiqlandi.

Xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirilgan indikatorlar asosida joriy yilning fevral-iyun oylarida Respublikaning 57 ta oliy ta’lim muassasalari (filiallari bilan birga) faoliyati tahlil qilindi va 2019 yil 1 yanvar holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:

1. Gumanitar va iqtisodiy sohada O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti; Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti yetakchi o‘rinlarni egallagan.

Jizzax davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti kabilar esa so‘nggi o‘rinlarni egalladi.

Shuningdek, ushbu sohada Toshkent moliya instituti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti avvalgi yilga nisbatan yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan.

2. Texnika va qishloq xo‘jaligi sohasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi o‘rinlarni egalladi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti quyi o‘rinlarni egalladi.

Ushbu sohada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti faol harakat qilib milliy reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek Toshkent davlat agrar universiteti 12 o‘rindan 6 o‘ringa ko‘tarildi.

3. Tibbiyot sohasida Toshkent stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti yetakchi o‘rinlarni egalladi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti esa so‘nggi o‘rinlarni egalladi.

Mazkur soxada Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘tgan yilgi reytingdagi 43-o‘rindan yuqoriga ko‘tarilib 16-o‘ringa chiqdi.

4. Madaniyat, san’at va sport sohasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Milliy rassomchilik va dizayn instituti yetakchi o‘rinlarni egallashdi. Ushbu OTMlar o‘tgan yili eng oxirgi 10 talikka tushgan edi. Joriy reytingda ushbu oliy ta’lim muassasalari faoliyatida keskin o‘zgarish ro‘y berib mos ravishda 24- va 29-o‘rinlarga chiqib olishdi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti so‘nggi o‘rinlarni egallashdi.

Umumiy reytingda O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti yetakchi o‘rinlarni egallashdi.

Jizzax davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Andijon mashinasozlik instituti, Nukus davlat pedagogika instituti so‘nggi o‘rinlarni egalladilar.

Shu bilan birga, ilmiy salohiyati bo‘yicha O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Samarqand davlat universiteti yetakchi o‘rinlarda;

Andijon mashinasozlik instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Termiz davlat universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti so‘nggi o‘rinlarni egalladi.

Dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTMlarda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan professor-o‘qituvchilarning soni bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent moliya institutlari yetakchilik qilmoqdalar. 15 ta OTMda bunday professor-o‘qituvchilar mavjud emas.

Eng ko‘p xorijiy professor-o‘qituvchilar Toshkent tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat olib bormoqda.

Talabalar bilimi bo‘yicha eng yuqori natijalarni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Navoiy davlat konchilik instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Urganch davlat universiteti egalladi.

Eng past natijalarni Andijon davlat tibbiyot instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Nukus davlat pedagogika institutlari ko‘rsatdi.

Eng ko‘p ish beruvchilar bahosini to‘plagan OTMlarga O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent moliya instituti kiradi.

Ish beruvchilar tomonidan «Bitiruvchilarning bilim darajasi va amaliy ko‘nikmasi»ga 72%, «OTMning ish beruvchilar bilan hamkorlik darajasi»ga 65%, «Bitiruvchilarning kelgusida o‘sish imkoniyatlari»ga 75%, «OTMlarning kadrlar tayyorlash sifatiga» 69% ijobiy javob berilgan. Shuningdek, 94% ish beruvchilar kelgusida milliy OTMlarimiz bitiruvchilarini ishga qabul qilishini bildirgan.

Kelgusida reyting natijalarini tahlil qilish asosida OTMlarni xalqaro reytingga kiritish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» loyihasi ishlab chiqiladi. Bunda milliy reytingda dastlabki 10 talikka kirgan OTMlar orasidan kelgusida dunyo reytingiga kiritish mumkin bo‘lgan OTMlar haqida tahliliy ma’lumotlar tayyorlanadi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Reyting natijalari asosida mahalliy OTMlardan 5 tasini QS, THE kabi xalqaro reyting agentliklarining ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash haqida OO‘MTVga taklif beriladi. Bu o‘z o‘rnida milliy OTMlarimizni dunyo universitetlari reytingiga chiqishiga dastlabki qadam bo‘lib xizmat qiladi.