O‘zbekistonda o‘qituvchilar maoshi: ular kambag‘allashmoqda


O‘qituvchilar Lyuksemburgda yiliga 104 ming dollar, Germaniyada esa 85 ming dollar maosh olishlari mumkin. Qozog‘istonda o‘qituvchilarning o‘rtacha oylik daromadi 718 dollarni tashkil etsa, bu miqdor O‘zbekistonda 252 dollarga teng. O‘zbekistonlik o‘qituvchilarning maoshlari o‘sishi boshqa kasblar vakillariga qaraganda sezilarli darajada sekin ketyapti.

Har qanday davlatda rivojlanishning asosiy omillaridan biri bu – mamlakatdagi ta’lim va ilm fanga bo‘lgan e’tiborning darajasi.

Buni Yevropa mamlakatlari, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapurning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti misolida ham ko‘rish mumkin.

Shu jihatdan, rivojlangan davlatlarda o‘qituvchilik eng yuqori haq to‘lanadigan mutaxassisliklardan biri hisoblanadi. Ularning davlat rivoji va taraqqiyoti uchun qo‘shayotgan hissasi munosib qadrlanadi.

World of Statistics tahlillariga ko‘ra, o‘qituvchilar eng ko‘p maosh oladigan davlatlar reytingi quyidagicha:

1. Lyuksemburg – 104 845 dollar;

2. Germaniya – 85 048 dollar;

3. Niderlandiya –70 899 dollar;

4. Kanada – 70 331 dollar;

5. Avstraliya – 68 607 dollar;

6. AQSh – 63 531 dollar;

7. Irlandiya – 62 336 dollar;

8. Daniya – 62 300 dollar;

9. Janubiy Koreya – 60 184 dollar;

10. Avstriya – 57 637 dollar;

11. Yangi Zelandiya – 52 698 dollar;

12. Norvegiya – 50 677 dollar;

13. Ispaniya – 50 547 dollar;

14. Yaponiya – 49 355 dollar;

15. Shvetsiya – 49 231 dollar;

16. Sloveniya – 48 203 dollar;

17. Finlandiya – 45 771 dollar;

18. Islandiya – 45 371 dollar;

19. Portugaliya – 44 412 dollar;

20. Kolumbiya – 43 073 dollar.

O‘zbekistonda o‘qituvchilar qancha pul topishadi?

O‘zbekistonda oxirgi marta 2023 yilning 1 mayida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshirilgandi. Ayni paytda o‘qituvchilarning lavozimi va malaka darajasidan kelib chiqib olayotgan oyliklari miqdori quyidagicha:

Maktab direktori:

  • 3 mln 816 ming 991 so‘m (400 o‘quvchigacha);
  • 4 mln 75 ming 625 so‘m (401-880 o‘quvchigacha);
  • 4 mln 321 ming 742 so‘m (881-1600 o‘quvchigacha);
  • 4 mln 571 ming 684 so‘m (1600dan ortiq).

Direktor o‘rinbosarlari:

  • 3 mln 564 ming 956 so‘m (400 o‘quvchigacha);
  • 3 mln 816 ming 991 so‘m (401-880 o‘quvchigacha);
  • 4 mln 75 ming 625 so‘m (881-1600 o‘quvchigacha);
  • 4 mln 321 ming 742 so‘m (1600dan ortiq).

Maktab o‘qituvchilari:

  • O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 575 ming 884 so‘m;
  • Oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchi – 2 mln 755 ming 648 so‘m;
  • Ikkinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 85 ming 100 so‘m;
  • Birinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 437 ming 741 so‘m;
  • Oliy toifali o‘qituvchi – 3 mln 798 ming 941 so‘m.

Yildan yilga kambag‘allashayotgan o‘qituvchilar

Joriy yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 4 mln 92 ming so‘mni tashkil qilgan. Bu davrda ta’lim sohasi vakillarining o‘rtacha ish haqi 2 mln 930 ming so‘m bo‘lgan.

Ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbati 71,6 foiz. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda – 73,5 foizni, 2021 yilda 78 foizni tashkil etgan. Ya’ni ta’lim sohasi vakillari yildan yilga boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib borayotganini kuzatish mumkin.

O‘qituvchilar oylik ish haqining yillar kesimida o‘zgarishi:

  • 2019 yil – 1 mln 695 ming so‘m;
  • 2020 yil – 2 mln 89 ming so‘m;
  • 2021 yil – 2 mln 242 ming so‘m;
  • 2022 yil – 2 mln 513 ming so‘m;
  • 2023 yil – 2 mln 930 ming so‘m.

Agar individual sohalar o‘zaro taqqoslansa, ish haqining tarmoqlar kesimidagi tengsizligini aniqroq kuzatish mumkin.

Jumladan, 2019-2023 yillar oralig‘ida moliya va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 3 barobarga (3,7 mln so‘mdan 11 mln so‘mga), axborot va aloqa sohasida 2,7 barobarga (3,4 mln so‘mdan 9,3 mln so‘mga), tashish va saqlash sohasi 2,3 barobarga (2,7 mln so‘mdan 6,1 mln so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich ta’lim sohasida atigi 1,7 barobarni tashkil etgan.

Rossiya va Qozog‘iston misolida qiyosiy tahlil

Qozog‘iston milliy statistika byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida qo‘shni respublikada o‘rtacha oylik ish haqi 340 ming 636 tengeni (765 dollar) tashkil etgan. Ushbu davrda o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi esa 319 ming 500 tenge (718 dollar) bo‘lgan. Bu mamlakatdagi o‘rtacha ish haqining 94 foizini tashkil etadi.

Rosstatning qayd etishicha, 2023 yil mart oyi yakunlari bo‘yicha mamlakatdagi nominal o‘rtacha ish haqi 71 ming 334 rubl (779 dollar) bo‘lgan. O‘qituvchilarning o‘rtacha nominal oylik daromadi esa joriy yilning birinchi choragida 51 ming 772 rublni (564 dollar yoki o‘rtacha ish haqining 73 foizi) tashkil qilgan. Rossiyada o‘qituvchilarning daromadlari hududlar kesimida keskin farq qiladi. Xususan, Moskva shahrida bu miqdor 107 ming rublni tashkil qilsa, Ingushiyada 25 ming 250 rublga (275 dollar) teng.

Qirg‘izistonda o‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi taxminan 255 dollarni, Tojikistonda esa 120 dollarni tashkil etadi. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas.

Doston Ahrorov tayyorladi.