O‘zbekistonda oliy ta'lim sifatini oshirishga ko‘maklashish uchun xalqaro kompaniya yollandi


Toshkent davlat texnika universitetidagi O‘zbek–Yapon yoshlar innovatsiya markazida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining Shbeemann xorijiy konsalting kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar reyting ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabarida aytilishicha, Jahon banki ko‘magida imzolangan shartnomaga ko‘ra kompaniya 3 yil davomida O‘zbekistondagi 10 ta oliy ta'lim muassasasining xalqaro e'tirof etilgan reytinglarda kuchli 1 000 talikka kirishi uchun metodik ko‘makni amalga oshiradi.

– Prezidentimiz tomonidan bizga ta'lim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish vazifasi belgilangan. Biz bunga faqat universitetlarni xalqaro reytinglarga kiritish orqaligina erishishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida O‘zMU va SamDU dunyoning eng kuchli universitetlari reytingida kuchli 500 talikka kirishi lozimligi belgilangandi. Hozircha kompaniya O‘zbekistondagi 10 ta OTMning QS va Times Higher Education xalqaro reytinglarining kuchli 1000 taligiga kirishlari uchun metodik yordam ko‘rsatadi.

Kompaniya ko‘p yillik tajribaga ega va dunyoning bir necha mamlakatlari bilan hamkorlik qiladi. Biz ular bilan O‘zbekiston universitetlarini dunyoning kuchli 100 taligiga kirishi bo‘yicha hamkorlik qilamiz. Adashmadim, 1 000 talik emas, aynan 100 taligiga kirishiga harakat qilamiz, – dedi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov shartnomani imzolash marosimida.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba 2020 yil uchun QSning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingida qayd etilgan.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Kun.uz’ ga ma'lum qilishicha, ushbu xalqaro konsalting kompaniyaning vazifasi – oliy ta'lim tizimida boshqaruv salohiyatini oshirish, xalqaro ta'lim dasturlarini mahalliy OTMlarda joriy etish va OTMlarining akademik mustaqilligini ta'minlashga uslubiy va texnik ko‘mak ko‘rsatish hisoblanadi. Buning natijasida OTMlar vazirlik tomonidan markazlashgan holda berilgan dasturlarni o‘qitish bilan emas, balki o‘zlari tomonidan ishlab chiqilgan va kadr buyurtmachilari va ta'lim oluvchilar ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan dasturlarni joriy etishlari va o‘qitishlari kutilmoqda.

«Talabaga yo‘naltirilgan» ta'lim jarayoni tashkil etiladi, davlat ta'lim standartlari xorij tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi, o‘qitiladigan fanlar soni vazirlik tomonidan markazlashgan tartibda emas, balki OTMlar tomonidan mustaqil belgilanadi.