Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Qarorga ko‘ra, akademiya barcha ta’lim bosqichlarida faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat ta’lim tashkiloti hisoblanadi.
Akademiyada quyidagi yo‘nalishlarda oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi:
- xalqaro va milliy mehnat standartlari;
- mehnat huquqi;
- inson huquqlari;
- mehnat tibbiyoti;
- ijtimoiy himoya va mehnat muhofazasi.
Akademiyada ta’lim faoliyati 2022/2023-o‘quv yilidan boshlanadi. Ta’lim o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Qabul parametrlari, abituriyentlarni qabul qilish tartibi, to‘lov-kontrakt qiymati hamda pedagog kadrlarning mehnatiga haq to‘lash miqdori O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi (muassis) bilan kelishilgan holda akademiya tomonidan tasdiqlanadi.
Akademiya bitiruvchilariga oliy ta’lim va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.
Qarorga ko‘ra, har yili 20 nafardan kam bo‘lmagan, akademiyaga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimida kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan oilalarning farzandlari bepul (muassis granti asosida) o‘qishga qabul qilinadi.