So‘nggi yillarda taʼlim jarayonlarini tashkil etish va yurtimizning investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha yaratilgan qulay shart-sharoitlar sababli mamlakatimizda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni ortib bormoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra nodavlat taʼlim tashkilotlari oliy taʼlim faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olishlari lozim.
Yangi o‘quv yili oldidan abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish va ishonchli maʼlumot taqdim etish maqsadida Taʼlim inspeksiyasidan litsenziya olgan nodavlat oliygohlar ro‘yxati eʼlon qilinmoqda.
- Toshkent shahridagi Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti
- Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti
- Toshkent shahridagi Inxa universiteti
- Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti
- Toshkent shahridagi Amiti universiteti
- Toshkent shahridagi Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazi
- Akfa universiteti
- Qo‘qon universiteti
- Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti
- TEAM universiteti
- Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti
- “Tashkent International University of Education" xalqaro universiteti
- Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent shahridagi filiali
- “EUROPEAN MEDICAL" universiteti
- “STARS INTERNATIONAL" universiteti
- Maʼmun nomidagi jahon tillari instituti
- “AL-BUKHARI" universiteti
- “CAMBRIDGE INTERNATIONAL" universiteti
- “TMC" instituti
Taʼkidlash lozim, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari hujjatlarni qabul qilish muddati va talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibini mustaqil belgilaydi.
Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 iyunda imzolangan “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida"gi PQ-5157-sonli qaroriga muvofiq mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirish talabadan alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari asosida o‘tkaziladi.
O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan taʼlim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Taʼlim to‘g‘risida"gi Qonunining 31-moddasida:
davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablariga muvofiq taʼlim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim to‘g‘risidagi hujjatlar berilishi;
mustaqil ishlab chiqilgan va litsenziyada ko‘rsatilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha taʼlim xizmatlari ko‘rsatadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan taʼlim to‘g‘risidagi hujjatlarni berilishi belgilangan.