Bu o‘zgarish mazkur yo‘nalishda test javoblari internetda chiqib ketishi ortida ro‘y berdi. Imtihon topshiruvchilar endi faqat kompyuterda testdan o‘tadi.
11 iyuldan boshlab ingliz tili darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikat – IELTS uchun qog‘ozda imtihon topshirish amaliyoti to‘xtatilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonda IELTS imtihonini oluvchi IDP (Edu-Action Centre) tashkiloti xabar berdi.
Imtihon topshiruvchilar endi faqat kompyuterda testdan o‘tadi.
IDP bu qaror operatsion sabablarga ko‘ra qabul qilinganini ma’lum qildi.
Tashkilot IELTS imtihonini qog‘ozda yozib topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar testni kompyuterda topshirish turiga bepul o‘tkazishi yoki imtihon uchun to‘lagan pulini to‘liq qaytarib olishi mumkinligini qayd etgan.
Qayd etish kerakki, mazkur o‘zgarish O‘zbekistonda bungacha qog‘ozda topshirilgan IELTS javoblari internetga sizdirilishi fonida yuz bermoqda.
IELTS’ni kompyuterda topshirish jarayoni
Imtihonda Reading (o‘qish), Writing (yozish) va Listening (tinglash) bo‘limlari kompyuterda o‘tkaziladi, ammo Speaking (so‘zlashuv) testi an’anaviy tarzda, ya’ni imtihon oluvchi bilan yuzma-yuz suhbat ko‘rinishida bo‘ladi.
Nomzod uchun test formati, savol turlari, har bir bo‘limga ajratilgan vaqt va mazmun o‘zgarishsiz qoladi. Kompyuterda topshirilgan IELTS natijalari 1 dan 5 ish kuni ichida tayyor bo‘ladi. An’anaviy qog‘ozda topshiriladigan imtihon natijalari esa 13 kunda e’lon qilinardi.
Qog‘ozda topshirilgan IELTS javoblari internetga chiqib ketishi ortidan IDP test markazi 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan imtihon javoblarini qayta tekshirgandi. Ular ichidan ishonchli bo‘lmagan natijalar ajratib olinib, alohida tekshirishga yuborilgandi. Natijada 7 iyun kuni topshirganlarning natijasi 24 iyun kuni chiqqandi.